DEYOK



DEYOK — Gerodotnnng ma’lumotiga ko’ra, Midiyaning dastlabki podshosi (miloddan avvalgi 727-675). Midiyani Ossuriya asoratidan xalos etgandan so’ng xalq tomonidan hokimiyat tepasiga avval hakam (sudya) sifatida, so’ngra parokanda mamlakatda uzil-kesil tartib o’rnatish maqsadida podshoh etib saylangan. Midiyaliklarning bir davlat ostida birlashtirgan, Ekbatana (Hamadon) shahriga asos solgan. Tepalik ustida bunyod etilgan shahar 7 qator mudofaa devorlari bilan o’rab olingan bo’lib, har bir devordan keyin keladigan devor o’zidan oldingisidan bir pog’ona baland qilib qurilgan. Devorlar turli ranglarda, birinchi devor — oq, ikkinchisi — qora, uchinchisi — sarg’ish-qizil, to’rtinchisi — to’q ko’k, beshinchisi — jigarrang, oltinchisi — kumushrang, ettinchisi — zarhal rangda bo’lgan. So’nggi mudofaa devorlari o’rtasida podsho saroyi va xazina qurilgan. Deyok aholiga devor atrofida joylashishni buyurgan. Saroyda quyidagicha tartib o’rnatilgan: biron-bir shaxsni bevosita, shunchaki podsho huzuriga kirishi man etilgan, har qanday ish bo’yicha podshoh bilan xizmatkorlar (xabarchilar) orqali bog’lanilgan. Bundan tashqari ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar har qanday kishini podshoh huzurida kulishi va tufurishi odobsizlik hisoblangan. Shikoyatlar podshohga yozma ravishda topshirilgan, podshohularni ko’rib chiqqach qaytarilgan. Biror-bir yerda jinoyat sodir etilgan bo’lsa Deyok aybdorni huzuriga chaqirib qilgan gunohiga yarasha jazolagan. Butun mamlakat hududida uning xabarchilari, ayg’oqchilari bo’lgan. Aftidan, Deyok miloddan avvalgi 715 yilda ossuriylar tomonidan asir qilib olib ketilgan va ossuriy yozuvlarida asirlar qatorida nomi keltirilgan midiyalik hukmdorlardan biri Dayaukku bilan aynan bir shaxs bo’lsa kerak. Miloddan avvalgi 713 yilda Sargon tomonidan tobe ettirilgan Midiyada Bit-Daiakku deb atalgan butun bir viloyatning mavjud bo’lishi, Deyokning mashhur podsholardan bo’lganligini ko’rsatadi. Faxriddin Hasanov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

Uzpedia.uz