Devori kanpirak
Kanpirak devori (Devori Kanpirak, Kanpir devor) — Markaziy Osiyoda dehqonchilik vohalarini koʻchmanchilar hujumidan himoya qilish maqsadida barpo qilingan mudofaa inshootlari tizimining xarobalari. Maʼnosi qazilgan (choh) demakdir. Talaffuzda "n" bilan "m" almashuvi kuzatiladi. Pir soʻzi esa qadimgi payrya — aylana, oʻrov maʼnosida. Demak kanpir soʻzining oʻzi xandakli devor degani. Devor soʻzi kanpir soʻzining tub maʼnosi unutilganda qoʻshilgan.
Buxoro
Qadimgi Buxoro vohasidagi shahar va qishloqlarni oʻrab olgan mudofaa devori (Devori kanpirak). Narshaxiyning „Buxoro tarixi“ asaridagi maʼlumotga koʻra, Kanpirak devori 782—831-yillarlarda qurilgan. Masʼudiyning yozishicha, Kanpirak devori qadimgi Sugʻd podsholari zamonida bino qilingan. Narshaxiy maʼlumoti Kanpirak devorining qayta tiklangan davriga toʻgʻri keladi. Kanpirak devori xarobalarini arxeologik jihatdan oʻrganish yozma manbalardagi maʼlumotni toʻla tasdiqladi. Masʼudiy xabar qilgan dastlabki koʻhna devor Narshaxiy yozgan Kanpirak devoriga qaraganda ancha kichik maydonni egallagan. Sunʼiy marza holida saqlangan. Kanpirak devoru xarobalarining eni 25—35 metr, balandligi 1—3 metr, baʼzi yerlarda 4 metrgacha yetadi. Dastlabki vaqtlarda uning kengligi 12—14 metr, balandligi 8—10 metr, uzunligi 336 kilometr boʻlgan.
Qadimgi Sugʻd vohasini oʻrab olgan Kanpirak devori VIII asr oxiri — IX asr boshlarida bino qilingan. Uzunligi 336 kilometr. Sunʼiy koʻtarma holida saqlangan Kanpirak devori xarobasining kengligi 15—20 metr, balandligi 2—4 metr.
Qadimgi Usrushona vohasini oʻrab olgan. Bu devor ham sunʼiy koʻtarma holida salangan boʻlib kengligi 15—20 metr, baʼzi joylarda, hatto 25 metr, balandligi 1 metrdan 3 metrgacha.
Qadimgi Fargʻona vodiysining gʻarbidagi Kanpirak devori VIII asr oxiri — IX asr boshlarida bino qilingan. Devor harobasi shimoldan janubga yoʻnalgan boʻlib, juda yaxshi saqlangan. Kengligi 12—15 metr, balandligi 2—4 metr.
Qadimgi Toshkent vohasini shimoliy tarafdan oʻragan Kanpirak devori Xoʻjakentdan Sirdaryogacha choʻzilgan boʻlib, xarobalarining kengligi 10—15 metr, balandligi 1—2 metr.
VIII—IX asrlarda Oʻrta Osiyoda arablar hukmronligi davrida Buxoro, Sugʻd va Usrushona vohalari atrofidagi Kanpirak devorlar bir-biri bilan tutashtirilib, yagona mudofaa tizimi vujudga keltirilgan. Kanpirak devorlar koʻchmanchi qabila, elatlarning oʻtroq dehkonchilik vohalariga bosqinchilik, talonchilik yurishlariga qarshi toʻsiq hosil qilish uchun bino etilgan. Ularning yoʻnalish chiziqlari Buxoro, Sugʻd, Usrushona, Toshkent va Gʻarbiy Fargʻona vohalarining VIII—IX asrlardagi obod yerlari chegaralari va katta-kichikligini aniqlashga yordam beradi. X asrda (Somoniylar davrida) Kanpirak devorlar oʻz ahamiyatini yoʻqotib, xarobaga aylana boshlagan.
Manbalar
uz.wikipedia.org