DEVKAMAR G’ORI
DEVKAMAR G’ORI — Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi g’or. Sarimastog’ning Janub yon bag’rida, 1315 metr balandlikda, tog’ etagidan nisbiy balandligi 160 metr. Yura davriga mansub ohaktoshlarda hosil bo’lgan. Kirish qismi ravoq shaklida, eni 20 metr, balandligi 13 metrgacha. G’or bir necha yo’lak va xonalardan iborat bo’lib, ularning eni 5-10 metr, balandligi 2-3 metr. Sahni deyarli tekis, Guano qatlami bilan qoplangan. G’or og’zi qismidagi ohaktosh yoriqlarida va g’or to’ridagi shipida sizib chiqqan mumiyo izlarini ko’rish mumkin. Ichkarida uzunligi 6 metrgacha, eni 1,5 metrgacha va balandligi 0,7 metrgacha bo’lgan har tomonga yo’nalgan yo’lakchalar mavjud. G’orning umumiy uzunligi 46 metr, maydoni 423 metr kvadrat, hajmi 2682 metr kub.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz