DEVAY (DEBYE) PETER YOZEF VILGELM



DEVAY (DEBYE) PETER YOZEF VILGELM (1884.24.3, Maastrixt — 1966.2.11, Itaka, AQSh) – golland fizigi va fizikkimyogari. 1940 yildan AQShda. Berlin universiteti (1935 yildan) va Itaka (AQSh)dagi Kornell universiteti professor (1940 yildan). Ilmiy ishlari qattiq jismlarning kvant nazariyasiga oid (qattiq jismning Devay modeli, Devay temperaturasi, Devay issiqlik sig’imi qonuni). Qutbli va qutbsiz erituvchilar eritmalaridagi molekulalarning dipol momentlarini tekshirib (1912), dipol momenti nazariyasiga asos solgan. E. A. Xokkel bilan birgalikda kuchli elektrolitlar nazariyasi (Debay — Xokkel nazariyasi)ni ishlab chiqqan (1923). Polikristall materiallarning ichki tuzilishini rentgen nurlari yordamida o’rganish usuli (Devay —Sherrer usuli) ni ishlab chiqqan. Kompton effektini tushuntirgan, ultratovushda difraktsiya hodisasini aniqlagan, polimerlarning tuzilishini tekshirgan. Qattiq jismlar, atomlar, elektrolitlar o’tkazuvchanligi va boshqalarga oid asarlar muallifi. Nobel mukofoti laureati (1936).

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz