Dev




Dev — 1) zardushtiylikda yovuzlikning asosiy timsoli (qarang Anxramaynu). Avestoda "dayva" tarzida qayd etilgan; 2) turkiy va fors-tojik xalmari mifologiyasida yovuzlik timsoli. D. dahshatli, zulm va zoʻrlik, qonxoʻrlik yoki yovuz kuchlarning irodasiga boʻysunuvchi bahaybat maxluq sifatida namoyon boʻladi. D.lar yer osti saltanatlarida, gʻorlarda, kimsasiz choʻl va dashtdagi kasrlarda istiqomat qiladi. Qasr, bogʻ va h.k. sohibining amriga itoat etib, parilarni qoʻriklaydi ("Gulnor pari", "Yunus pari", "Misqol pari" va boshqalar). Ertak, doston qahramonlariga qarshi yakka yoki tuda boʻlib kurashadi, ammo hamisha inson qobiliyati, aqli, kuch-qudrati qarshisida ojizlik qiladi, oqibatda yengilgan D.lar insonga boʻysunadi va uning izmiga yuradi. D.lar osmonda uchuvchi va yerda yuruvchi ikki toifaga ajraladi. Baʼzilari tabiatan hiylagar, makkor, aldamchi va gʻazabkor, boshqalari nozik sanʼatkor, goʻzal binolar quruvchi usta, afsonaviy kuch egasi. Oʻzbek folklorida Ahri-man, Ahvon, Samandar, Okdev, Qora dev, Qizil dev, Sariq dev ("Badal botir" va boshqalar), Arshak dev, Afsar dev, Boymoq dev, Yaproq dev ("Balogar-don", "Malika ayyor" va boshqalar) kabi D.lar toʻdasining boshliqlari obrazi uchraydi.

Adabiyot




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz