“DEU” KORPORATSIYASI



“DEU” KORPORATSIYASI (DAEWOO Corporation) — Janubiy Koreyaning yirik sanoat kompaniyalari guruhi, jahondagi eng yirik korporatsiyalardan biri. Asosan avtomobillar, shuningdek, qurilish, kemasozlik, og’ir sanoat jihozlari, stanoksozlik, asbobsozlik, telekommunikasiya jihozlari, elektrotexnika, maishiy asbob-uskunalar ishlab chiqarish, savdo, moliyaviy xizmat ko’rsatish, telekommunikatsiya xizmati, mehmonxona biznesi va boshqalar bilan shug’ullanadi. “DEU”ning to’qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish va uni eksport qilish bilan shug’ullanadigan birinchi kompaniyasi — “Daewoo industrial Co.Ltd.”1967 yilda tashkil qilingan. 1975 yilda umumiy savdo kompaniyasi maqomini oldi. 1976-80 yillarda qurilish, moliyaviy xizmat, kemasozlik, ogir sanoat, avtomobilsozlik (1978 yildan), aloqa, elektronika va boshqa tarmoqlarda faoliyat boshladi. 1982 yildan transmilliy korporatsiyaga aylandi. 1995 yilda chet ellarda 102 vakolatxonasi ochildi, unga qarashli 155 kompaniya ishladi. 1990-95 yillarda “DEU” o’zining umumiy menejment rejasiga muvofiq engil avtomobillari bilan Yevropa bozorida savdo qila boshladi. 1995 yilda korporatsiya dunyo bo’yicha 636 ming dona avtomobillarini sotdi. Shu davr mobaynida “DEU” Polsha, Ruminiya, Chexiya, O’zbekistan, Vetnam, Meksika va Lotin Amerikasi davlatlariga asosiy investisiyalarini kiritdi. 1992 yilda O’zbekiston Respublikasi va “DEU” korporatsiyasi o’rtasida “O’zDEUavto” qo’shma korxonasini tuzish bo’yicha bitim imzolandi va 1996 yil martga kelib zavod ishga tushirildi. Bundan tashqari “DEU” O’zbekistonda kommunikasiya sohasida ham faoliyat yuritadi (masalan, “DEU Yunitel” uyali aloqa vositalari kompaniyasi). “DEU” Afrika, Osiyo, Sharqiy Yevropa, Lotin Amerikasi, Shimoliy Amerikadagi 85 dan ortiq mamlakatda 380 investitsiya loyihalarida qatnashdi, jami savdo hajmi 72 mlrd. AQSh dollariga yetdi (1998). 1997-98 yillarda Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida yuz bergan moliyaviy inqiroz “DEU”ni ham chetlab o’tmadi. 2001 yilda avtomobilsozlik sohasida “DEU motor” aktsiyalarining 35 foizini AQShning “Jeneral Motors” kompaniyasi sotib oldi. Hamid Azizqoriyev.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz