DERMATOMIOZIT



DERMATOMIOZIT (dermato… va Yunoncha myos — muskul) — ko’pincha muskul, teri va nerv zararlanishi bilan o’tadigan va kollagenoz turkumiga mansub umumiy kasallik; o’tkir, o’rtacha o’tkir yoki surunkali bo’ladi. Aksari sil, ich terlama, gripp kabi yuqumli kasalliklardan keyin ro’y beradi. Yoshlar va ayollarda ko’proq uchraydi. Dastlab yuz, keyinroq oyoq-qo’l va badanda kizil, ko’kimtir dog’lar, tuguncha, pufakchalar paydo bo’ladi, ular anchagina joyni egallashi, hatto butun badanga tarqalishi mumkin, keyinchalik pufakchalar so’rilib, o’rnida qoramtir dog’ qoladi, teri yupqalashadi (atrofiya). Og’iz, tomoq, ko’z shilliq qavati, oyoq-qo’l, qovurg’alar orasi, umurtqalar atrofi, hatto ko’z kosasi muskullari ham kasallanadi; bemor darmonsizlanib, tez charchaydigan bo’lib qoladi, ba’zan, harorati ko’tariladi. Ushbu jarayonda plevrit, endokardit kabi kasalliklar paydo bo’ladi. Davo bemorning umumiy ahvoliga qarab tayinlanadi (asosan kortioksteroidlar buyuriladi).

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz