DERMATOLOGIYA VA VENEROLOGIYA ILMIY TADQIQOT INSTITUTI
DERMATOLOGIYA VA VENEROLOGIYA ILMIY TADQIQOT INSTITUTI — O’zbekistan Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligiga qarashli ilmiy tadqiqot muassasasi. 1932 yil Toshkent shahrida tashkil etilgan. Institutda jinsiy yo’l bilan yuqadigan kasalliklar, keng tarqalgan dermatozlar va dermatomikozlar, shuningdek, moxovni aniqlash, davolash va oldini olish ustida tadqiqotlar olib boriladi. Bunda S. Xidirov, U. K. Beluxa, M. Obidov, A. Vaysov kabi olimlarning xizmatlari katta. Institutda jinsiy yo’l bilan yuqadigan infektsiyalar, mikologiya, dermatologiya bo’limlari, ilmiy-tashkiliy bo’lim, ilmiy-maslahat poliklinikasi va mikrobiologiya, serodiagnostika, immunologiya, farmakoterapiya, bio-kimyo va morfologiya laboratoriyalari, 160 o’rinli klinik kasalxona, kutubxona, vivariy va hokazolar bor (2001). Institutda 4 fan Doktori (S. Arifov, K. Yo’ldoshev, A. Rahmatov, E. Eshboev), 27 fan nomzodi va boshqa xodimlar xizmat qiladi (2001). Institut Davlat fan va texnika qo’mitasi, chet el grandlarini yutgan. Institutda ilmiy to’plam, monografiya, darslik va turli qo’llanmalar chop etiladi, ixtirolar qilinadi, dermatovenerologiyaning dolzarb muammolari bo’yicha ilmiy-amaliy anjumanlar o’tkaziladi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz