DENGIZKO’L



DENGIZKO’L — Buxoro viloyati Olot tumanidagi ko’l. O’rta asrlarda “Borgini farox”, ya’ni “katta ko’l” deb yuritilgan. 10-asr yozma manbalarida Dengizko’l “Qorako’l”, “Buxayrayi Somjan” (“Somjan ko’li”) nomlari bilan atalgan. 10-asrda Arab geografi Ibn Havqal tomonidan chizilgan O’rta Osiyo xaritasida “Baxr ul-Buxoro” (“Buxoro dengizi”) nomi bilan ko’rsatilgan. Muhammad Narshaxiy (10- asr) bu ko’l haqida “kengligi yigirma farsax (140-160 kilometr) bo’lib, Buxoro daryosining ortiqcha suvi shu ko’lga yig’ilgan, unda suv jonivorlari kup, butun Xurosonda bu yerdagidek miqdorda qush va baliq tutilgan emas”, deb yozgan. Ko’l viloyatning Janub chekkasidagi (Zarafshon daryosining quyi oqimida) tektonik botikda, dengiz sathidan 181,5 metr balandda joylashgan. Dengizko’lga bir qancha kollektor-zovurdan keladigan tashlama suv va ekin maydonlarini sug’orish natijasida hosil bo’lgan sizot suvi kelib quyiladi. Zarafshon daryosining asosiy tarmog’i — Toyqir ham to’linsuv davrida ko’lgacha yetib boradi. Dengizko’ldan suv oqib chiqmaydi, sarflanish asosan bug’lanish va qisman shimilish hisobiga kechadi. 60-yillar va 70-yillarning boshlarida Dengizko’lning maydoni va chuqurligi tez-tez o’zgarib turgan: suv ko’p quyilgan davrlarda ko’lning maydoni 80-100 kilometr kvadrat, chuqurligi 1,0—1,5 metr, yoz oxirida esa tegishlicha – 40-60 kilometr kvadrat va 25-30 santimetr bo’lgan. 70-80-yillarda Buxoro viloyatining Janubda yangi yerlarning o’zlashtirilishi va oqova suvlar miqdorining ortishi natijasida Dengizko’l yildan-yilga kattalasha bordi. 80-yillarning oxiri (1987) da uzunligi 43,3 kilometr, eng keng joyi — 9 kilometr, eng chuqur joyi 22 metr, suv yuzasi maydoni 267 kilometr kvadrat, suv hajmi — 2,7 kilometr kub bo’lgan. Bu qiymatlar suv sathi tebranishiga mos ravishda yil davomida o’zgarib turadi: kuzda bug’lanish kamaygach, suv muvozanati turg’unlashadi, so’ng suv sathi yana orta boradi. Dengizko’l kollektorzovur suvlari hisobiga to’yinadi. Yozda bug’lanish ancha kuchli. Dengizko’lda shamol ta’sirida to’lqinlar kuzatiladi. Suvi juda sho’r, ko’lning tubi ayrim joylarda 0,5 metrgacha qalinlikda osh tuzi bilan qoplangan. Dengizko’l suvi shifobaxsh.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz