DENGIZ XARITALARI
DENGIZ XARITALARI – dengiz va okeanlarning maxsus geografik xaritalari. Dunyo okeanini xo’jalik va ilmiy maqsadlar uchun o’rganish va foydalanishda kema yurgizish ilmi va boshqa masalalar bilan ta’minlashga mo’ljallangan. Dengiz xaritalari gidrografik (okeanografik) xizmatlar tomonidan tuziladi va nashr etiladi. Dengiz xaritalari nimaga xizmat qilishiga va mazmuniga ko’ra 3 guruhga bo’linadi: navigatsiya xaritalari, maxsus xaritalar, ma’lumotnomali va yordamchi xaritalar. Maxsus xaritalar harbiy-dengiz floti faoliyatini ta’minlash uchun xizmat qiladi. Ma’lumotnomali va yordamchi xaritalar nimaga xizmat qilishiga va mazmuniga ko’ra har xil bo’lib, bevosita kema yurgizishni ta’minlashda ishlatilmaydi. Yordamchi xaritalarga ortodromik xaritalar va shlyupka xaritalari, shuningdek, umumiy geografik vazifalar umumiylashtirilgan yoki yengillashtirilgan xaritalar kiradi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz