DENGIZ TRANSPORTI



DENGIZ TRANSPORTI – okean, dengiz, dengiz kanallari orqali kemalarda yuk va yo’lovchi tashuvchi suv transporta turi. Xizmat ko’rsatish doirasiga ko’ra, uning ichki Dengiz transporti (bir mamlakat o’rtasidagi portlararo qatnaydigan) va xalqaro Dengiz transporti (mamlakatlararo qatnaydigan) turlari mavjud. Dengiz transporti vazifasiga ko’ra, yo’lovchilar, quruq va suyuq yuklarni tashuvchi hamda yordamchi xizmat ko’rsatuvchi kemalardan iborat bo’ladi. Dengiz transporti tarixi taxminan miloddan avvalgi 6-4-asrlarda inson dengizni o’rganib, o’zlashtira boshlagach, paydo bo’ldi. Dastlab eshkakli kemalar, miloddan avvalgi 3-asrlarda esa yelkanli kemalar kashf etildi. Bu kemalar bir necha asrlar mobaynida suv yo’llari orqali aloqa bog’lashda, savdo munosabatlari yuritishda keng qo’llanildi. Sanoatning o’sishi va xalqaro savdoning kengayishi bilan Dengiz transporti ham takomillashib bordi. Bug’ mashinasi ixtiro qilinganidan keyin birinchi bug’ bilan harakatlanadigan mexanik dvigateli paroxodlar yaratildi. So’ng o’z navbatida, ichki yonuv dvigatelli teploxodlar, atom reaktorli — atom muzyorar kemalari ixtiro qilindi. Hoz. zamonaviy Dengiz transporti murakkab muhandislik qurilmasi bo’lib, ular kompyuterlashtirilgan avtomat boshqaruv va nazorat qurilmalari, murakkab elektron radionavigatsiya vositalari bilan ta’minlangan. Ulardan ayrimlarining yuk tashish quvvati 500 ming tonnagacha, asosiy elektr energiyasi quvvati 73,6 MVt (100 ming ot kuchi) gacha yetadi. Hoz. vaqtda kemalarda yo’lovchi tashish o’rnini havo transporti egallagan bo’lib, ular faqat dengizda sayohat maqsadidagina amalga oshiriladi. Yuk tashish borasida Dengiz transportining salmog’i katta bo’lib, geografik xususiyatlarga ko’ra bu ko’rsatkich mamlakatlarda turlichadir. Dengiz transporti asosan AQSh, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Yaponiya, Germaniya, Rossiya, Polsha, Yugoslaviya va b. davlatlarda keng rivojlangan (masalan, Yaponiyada 1062 port, Frantsiyada 300 port bor, shundan 6 tasi eng yirik va hokazolar). 20-asrda Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan O’zbekistan uchun ham Dengiz transporti muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Buyuk Ipak yo’lini tiklash loyihasi doirasida barpo etilgan Yevropa—Kavkaz—Osiyo transport yo’lagi orqali Kaspiy dengizida Turkmanboshi, Boku, qora dengizda Poti, Batumi portlaridan Yevropa mamlakatlari yo’nalishlarida yuklar zamonaviy Dengiz transportida tashiladi. Dengiz floti tarkibiga kiruvchi bandargoxlar, kema ishlab chiqarish va ta’mirlash zavodlari va boshqa Dengiz transportiga xizmat ko’rsatadi. Nuriddin Musaev.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz