DENGIZ TOSHBAQALARI



DENGIZ TOSHBAQALARI (Chelo niidae) — toshbaqalar oilasi. Suyri shaklidagi kosasi muguz qalqonlar bilan qoplangan bo’lib, 80 santimetrdan 1,4 metrgacha, og’irligi 600 kilogrammga yaqin, boshi va kalta bo’yni kosasi ostiga to’liq joylashmaydi. Oyoklari suzgich kurakka aylangan, ichkariga tortilmaydi; eshkaksimon (1-2 tirnoqli) oldingi oyoqlari orqa oyoqlaridan uzunroq bo’lib, harakatlanish vazifasini bajaradi. 6 turi (4 urug’i) tropik va subtropik dengizlarda tarqalgan. Tez suzadi, chuqur sho’ng’iydi. Oziq va ko’payish joyini qidirib yuzlab va minglab kilometr yo’l bosadi. Faqat tuxum qo’yish uchun urg’ochisi quruqlikka chiqadi, 200 va undan ko’proq terisimon po’stli tuxum qo’yadi. Mollyuska, baliq va suv o’tlari bilan oziqlanadi. Eng yirik yashil, ya’ni sho’rvalik toshbaqa (Chelonia medas) ning uzunligi 1,4 metr, og’irligi 600 kilogrammgacha. Go’shti, tuxumi, kosasi uchun ovlanadi. Ko’p ovlanishi tufayli soni kamayib ketgan. Yirik Dengiz toshbaqalariga loggerxed, ya’ni boshli toshbaqa (Caretta Caretta) kosasining uzunligi 1 metrgacha, zaytun toshbaqasi, ya’ni tinch okean toshbaqasi (Lepidochelys olivacea) kosasining uzunligi 80 santimetrgacha, Atlantika ridleyasi (L. Kempi) ham kiradi. Dengiz toshbaqalariga bissani, ba’zan terili toshbaqa (Dermochelus sopasea) ni ham kiritishadi. Terili toshbaqa kosasi 2 metrgacha, og’irligi 600 kilogrammgacha bo’ladi. Barcha turlari xalqaro Qizil kitobga kiritilgan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

Uzpedia.uz