DENGIZ SUVI



DENGIZ SUVI, okean suvi — dengiz va okeanlar suvi. Dunyo okeani suvining umumiy hajmi 1370 million kilometr kub, bu esa yer sharidagi barcha suvning 98% ini tashkil qiladi. Dengiz suvida mineral tuz, gaz (asosan azot, kislorod, karbonat angidrid, vodorod sulfid) va kam miqdorda organik moddalar (1-5 mg/l) erigan holda bo’ladi. Dengiz suvida deyarli barcha kimyoviy elementlarni topish mumkin. Dengiz suvida erigan moddalarning 99,9% dan ortiqrog’i tuzlardan iborat. Dengiz suvining o’ziga xos xususiyatlaridan biri uning sho’rligi va xlorliligidir. Dengiz suvining sho’rligi (%o) 1 kilogramm Dengiz suvida erigan holda necha gramm qattiq jismlar borligi bilan o’lchanadi. Dengiz suvining o’rtacha sho’rligi okeanda 35%o ga yaqin. Dengiz suvining zichligi uning temperaturasi, sho’rligi va bosimiga bog’liq. Sho’rligi 35%o bo’lgan Dengiz suvining zichligi (temperaturasi 4° bo’lgan distillangan suvga nisbatan) 0° da 1,028126 va 20° da 1,024781.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz