DENGIZ NILUFARLARI
DENGIZ NILUFARLARI (Crinotdea) — ninaterililar sinfi. Ko’rinishi gulga o’xshash, erkin yashaydi (poyachasizlar) yoki o’troq hayot kechiradi (poyachalilar). Tanasi likopchasimon Markaziy diekdan va undan tarqaladigan, ko’pincha ko’p marta shoxlanadigan 5 ta nurdan iborat. Poyachali Dengiz nilufarlarining Markaziy diski asosida suv tubiga yopishishiga yordam beradigan, uzunligi 1 metrcha keladigan poyachasi bo’ladi. Poyachasiz Dengiz nilufarlari rang-barang bo’lib, suv tubida o’rmalash yoki suvda suzish xususiyatiga ega, nurlarining kengligi 90 santimetrgacha. Hozir Dengiz nilufarlarining 700 turi ma’lum, ulardan 550 turi poyachasizlar kenja sinfiga kiradi. Dengiz nilufarlari rivojlanishi doliolyariya lichinkasi va voyaga yetgan davridan iborat. Mayda plankton organizmlar va detrit bilan oziqlanadi. Ozig’ini suv oqimi tomonga qaratilgan, murakkab tutuvchi to’r hosil qiladigan nurlari va ularning o’simtalari — pinnulalari yordamida tutadi. Poyachali Dengiz nilufarlari odatda suvning ancha chuqur qismida (10 kilometrgacha chuqurlikda) uchraydi. Poyachasizlar tropik mintaqadagi sayoz dengizlarda, ayniqsa, keng tarqalgan.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz