DENGIZ NAVIGATSIYA XARITALARI



DENGIZ NAVIGATSIYA XARITALARI — dengiz xaritalarining asosiy tipi, kema yurgizish va suzish xavfsizligini ta’minlash uchun ishlatiladi. Dengiz navigatsiya xaritalarida qirg’oq shakli va xususiyati, dengiz tubi relefi, grunti, suv osti va suv usti qoyalari, oqimlar, dengiz yo’llari, kema yo’lida uchraydigan xavflar (sayozlik, qoya, kuchli dengiz to’lqinlari va boshqalar), mayoq, to’lqin qaytaradigan inshootlar, magnit enkayishi haqidagi ma’lumotlar, gidrologik elementlar (dengiz oqimlari, dengiz suv ko’tarilishi qaytishi, muz chegarasi va hokazolar) ko’rsatiladi. Dengiz navigatsiya xaritalari maqsadi va masshtabiga ko’ra quyidagi turlarga bo’linadi: planlar (1:500 — 1:25000), xususiy xaritalar (1:25000 — 1:75000), yo’l xaritalari (1:100000 — 1:500000), bosh xaritalar (1:750000 -1:5000000).

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

Loyiha rivoji uchun hayriya qiling: 9860 3501 4465 8134. @Shaka_rj
Maqsad sun'iy intellekt javoblarini ko'paytirish

Uzpedia.uz