DENGIZ KASALLIGI
DENGIZ KASALLIGI – kema chayqalganda ro’y beradigan kasallik holati. Samolyotda uchganda, poyezd va avtomobilda ketayotganda, liftda tez tushganda, arg’imchoqsa tez uchganda va boshqa hollarda ham Dengiz kasalligiga xos belgilar paydo bo’ladi. Dengiz kasalligida bemorning ko’ngli aynib qusadi, rangi o’chadi, ko’p terlaydi, boshi aylanib og’riydi, darmonsizlanadi, nafas olishi va tomir urishi sustlashadi, hushdan ketish, depressiya holati kuzatiladi. Odatda, kema chayqalishdan to’xtagach, barcha holatlar tezda yo’qolib ketadi. Ko’pchilik kishilar transport vositasida harakat yo’nalishiga teskari o’tirib qolganlarida ham yuqoridagi holatlar kuzatilishi mumkin. Dengiz kasalligida ichki quloqning vestibulyar apparati ta’sirlanadi. Dengiz kasalligining paydo bo’lishi va avj olishida nerv sistemasining holati ham ma’lum ahamiyat kasb etadi, ko’proq qiziqqon kishilar va nevrasteniyaga moyil ayollarda kuzatiladi. Ba’zi yo’lovchilarda kemaga o’tirishi bilan kasallik belgilari ro’y beradi yoki aksincha kemada biror korhol ro’y berishi haqida ogohlantirilganda ham kasallik belgilari yo’qolib, kishi sergaklanadi. Kemada ketayotganda ochiq havodan ko’proq bahramand bo’lish, biror narsa bilan mashg’ul bo’lish, nordon konfet yoki vitamin shimish Dengiz kasalligining oldini olishda yaxshi foyda beradi. Chayqalishga chidamsiz bo’lgan kishilar kemaning o’rtaroq joyida (chunki bu joyda chayqalish nisbatan kuchsiz bo’ladi) boshni orqaga egiltirib o’tirishlari tavsiya etiladi. Dengiz kasalligiga xos belgilar paydo bo’lishi bilan nerv sistemasini tinchlantiradigan dori — aeron qabul qilish kerak.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz