DENGIZ FILI



DENGIZ FILI (Mirounga) — tyulensimonlar oilasi urug’i. 2 turi ma’lum. Janubiy Dengiz fili (M. leonina) — eng yirik kurakoyoqlilardan, uzunligi 6,5 metrgacha, vazni 3,5 tonnagacha. Erkagi tumshug’ining uchidagi teri xaltasining uzunligi 40 santimetrgacha; bezovta bo’lganida 80 santimetrgacha uzayadi. Yangi tug’ilgan bolasining juni qora, voyaga yetgan davrida — och qo’ng’ir yoki qo’ng’ir. Janubiy yarim sharning mo’tadil va subantarktida suvlarida yashaydi; mavsumiy migratsiya qiladi. Poligam to’dasida 20 gacha urg’ochisi bo’ladi. Bosh-oyoqli mollyuskalar va baliqlar bilan oziqlanadi. 20-asr boshida ko’p ovlanganligi sababli soni kamayib ketgan. Muhofaza choralari ko’rilishi tufayli soni bir necha yuz mingga yetgan. Shimoliy Dengiz fili (M. angustirostris) ning umumiy tuzilishi va biologiyasi Janubiy Dengiz filiga o’xshash. Meksika va Janubiy Kaliforniya sohillari yaqinida uchraydi, soni 20 mingga yaqin, muhofaza qilinadi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz