DENDROLOGIYA
DENDROLOGIYA (Dendro… va …logiya) — daraxt va butalar haqidagi fan, botanikaning bir sohasi; daraxtlarning anatomiyasi, morfologiyasi, taksonomik joylashishi, tur ichidagi sistematikasi va filogenezi, fiziologiyasi, ekologiyasi, geografik tarqalishi va xo’jalik ahamiyatini o’rganadi. O’rmonchilik, daraxtzorlar va butazorlar barpo etish, bog’va xiyobonlarni loyihalashtirish, qumliklarni, jar sohillarini mustahkamlash, ko’kalamzorlashtirish va boshqalarga oid masalalarni ishlab chiqadi. Daraxtlarning manzarali xususiyatini, sanitariya-gigienik va ihota rolini o’rganish, ko’kalamzorlashtirish, shaharlar va sanoat komplekslaridagi atmosferani tozalash, shovqinga qarshi kurashda qo’l keladigan o’rmon daraxtzorlarini barpo etish, eroziyaga uchragan tog’li, cho’l mintaqalaridagi tuproklarni himoya qilish, botqokli yerlarni quritish, sho’rxok tuproqlarda tuzli changlarning atmosferaga ko’tarilishiga qarshi kurash Dendrologiyaning muhim yo’nalishlarini tashkil etadi. Dendrologiya botanika, o’rmonchilik, o’rmon selektsiyasi va ko’kalamzorlashtirish, tuproqshunoslik, geofafiya va boshqa fanlar bilan chambarchas bog’liq. Dendrologiyaning asosiy ob’yekti — daraxt va buta turlaridir. O’zbekistonda Dendrologiya masalalari V. D. Gorodeskiy (1934 yilda O’rta Osiyoning dendroflorasi haqida birinchi ma’lumotnoma tuzgan), F. N. Rusanov, T. I. Slavkina, A. U. Usmonov, G. S. Kostelova, L. V. Yaskina, daraxt va butalarning O’zbekistondagi tog’, cho’l va sug’oriladigan dehqonchilik mintaqalardagi tuproqlarni suv va shamol eroziyasidan himoya qilishda, sel oqimlariga qarshi kurashdagi roli M. B. Doshchonov, A. V. Gvozdikov, S. M. Ablaev, A. M. Molchanova, G. P. Ozolin, A. A. Xonazarov A. Q. Qayimov, A. O. Dosaxmetov va boshqalar asarlarida yoritilgan. O’rmon ixotazorlarini barpo etish, daraxt va butalarning yangi navlarini yaratish va boshqa masalalar T. A. Jeltikova, V. M. Rovskiy, V. P. Fimkin, S. E. Aleksandrovskiy, E. A. Butkov va boshqa o’rmonshunos olimlarning ilmiy izlanishlarida katta o’rin egallaydi. O’zbekistonda Dendrologiya bo’yicha tadqiqotlar O’zbekistan Fanlar Akademiyasi Botanika instituti va botanika bog’i, O’zbekistan o’rmon xo’jaligi ilmiy tadqiqot instituti, Toshkent davlat agrar universitetining o’rmonshunoslik va o’rmon melioratsiyasi kafedrasi va boshqalarda olib boriladi. 20-asrning oxirlarida Dendrologiya tadqiqotlarida asosiy o’rmon hosil qiluvchi daraxtlar tabiiy populyatsiyalarining genetik tuzilmasini o’simliklar sistematikasi, ekologiya, biometriya, tsitogenetika, geografik ekishlar usullari bilan o’rganish asosiy yo’nalishlardan biriga aylandi. Xalqaro o’rmon tadqiqotlari tashkilotlari uyushmasi va ko’pgina mamlakatlar (Germaniya, Polsha, Shvesiya, Frantsiya, Shveytsariya) dagi Dendrologiya jamiyatlari, dendrariylar, qo’riqxonalar va milliy bog’larda Dendrologiya bo’yicha tadqiqotlar va tajribalar olib boriladi. Har 5 yilda bir marta Jahon o’rmon Kongressi o’tkaziladi. O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Botanika bog’i 1964— 94 yillarda 14 jilddan iborat “Dendrologiya Uzbekistana” to’plamini nashrdan chiqardi. Ad.: Dendrologiya Uzbekistana v 4 tomax, t. 1-4, T., 1965-71; Dendrologiya Uzbekistana, t. 1-14, T., 1964-94. Abduxalil Qayimov, Mirza Sobirov.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz