DENDRARIY
DENDRARIY (Yunoncha dendron — daraxt), dendrologiya bog’i, Arboretum — daraxtlar, butalar, yarim butalar, chirmashuvchilar kollektsiyasi ekilgan ochiq maydon. Dendrariy mustaqil yoki botanika bog’i tarkibiga kiradi. Dendrariy bir necha gektardan yuzlab gektargacha maydonni egallaydi. Dendrariy ilmiy, o’quv, madaniy-ma’rifiy, tajriba, ishlab chiqarish ahamiyatiga ega; ularda har xil turdagi daraxt o’simliklarini namoyish qilish, tajriba va tadqiqot ishlari olib borish uchun baza bo’lib xizmat qiladi. Dendrariyda o’simliklar ustida muntazam ravishda kuzatuv ishlari olib boriladi, daraxt va butalarning fenologiyasi, o’sish va ko’payish xususiyatlari o’rganiladi. Shu jumladan xo’jalik va biologik xususiyatlariga qiyosiy baho beriladi va ulardan foydalanish va rayonlashtirish bo’yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi, selektsiya ishlari olib boriladi. Dendrariyning asosiy vazifalaridan biri — har xil o’simliklarning introduktsiyasm bo’lib, o’rmon xo’jaligi, o’rmon ihotazorlari, ko’kalamzorlashtirish uchun foydalanishda eng chidamli va hosildor shakllar ajratib olinadi. Dendrariylarda o’stiriladigan va o’rganilgan qimmatli tur va shakllarning urug’ va ko’chatlarini tarqatish ishlari katta ahamiyatga ega. Dendrariyning majburiy qismi — introduktsiyali va reproduktsiyali ko’chatzorlardir. Birinchi ko’chatzorda ekspozitsiya uchun urug’ ko’chat va ko’chatlar yetishtiriladi, ikkinchisida esa ko’chatlar parvarish qilinib boshqa Dendrariylar va ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun yetkazib beriladi. O’zbekistonda Janubiy O’zbekistan selektsiya stantsiyasi (Denov)ning subtropik va efir moyli butalar Dendrariysi, O’zbekiston o’rmonchilik xo’jaligi ilmiy tadqiqot institutining teraklar Dendrariysi (Toshkent shahri yaqinidagi “Dendropark”), o’rmon daraxtlari va butalari Dendrariysi (Toshkent viloyati So’qoq qishlog’idagi Chatqol tog’o’rmon meliorasiya stansiyasi), O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Botanika bog’idagi daraxtlar (qayin, qarag’ay va boshqalar) va butalar Dendrariysi va boshqalar bor. Abduxalil Qayimov, Mirza Sobirov.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz