DEMPING



DEMPING (inglizcha dumping — tashlash, tashlama) — tovarlarni tashqi va ichki bozorda sun’iy arzonlashtirilgan, o’rtacha chakana narxlardan, ba’zan tannarxdan past narxlarda sotish; tashqi bozorni egallash uchun raqobat kurashi vositalaridan biri. Tashqi bozorda tovarlarning o’z qiymatidan arzon sotilishidan birlashmalar zarar ko’radi. Bu zarar ichki bozorda sotilgan tovarlardan olingan yuqori foydadan mablag’ ajratish yoki davlat byudjetidan hamda soliklar hisobidan qoplanadi. Demping davlat yoki kompaniya tomonidan kelgusida kutilayotgan zararlarni bartaraf etish maqsadida o’tkaziladi va bu yo’l bilan zarur bo’lgan pul, valyuta mablag’lari tezda to’planadi. 20-asr boshlarida, Yevropa davlatlarida Demping ommaviy tus oldi. 1929-33 yillardagi jahon iqtisodiy tangligi davrida, ayniqsa, keng yoyildi. 2-jahon urushidan keyin Demping siyosati AQSh monopoliyalari tomonidan muntazam o’tkazib turildi. Dempingning ayrim mamlakatlar tomonidan qo’llanilishi o’z navbatida boshqa mamlakatlarning unga qarshi chora ko’rishiga olib keladi va mol kiritish bo’yicha olinadigan boj summasini oshirishda o’z ifodasini topadi. Jahon iqtisodiy tajribasidan ma’lumki, ko’pgina davlatlarda Dempingga qarshi Qonunchilik, Dempingga qarshi maxsus bojlar amal qiladi. Tariflar va savdo bo’yicha Bosh kelishuv (hozirgi Jahon savdo tashkiloti) 1967 yilda xalqaro Dempingga qarshi kodeks kabul qildi. Unda Demping holatini aniqlash va isbotlash tartib-qoidalari, import mamlakat firmalari tomonidan Demping natijasida shu turdagi tovarni ishlab chiqaradigan eksport qiluvchi mamlakatlarga yetkazilgan zararni to’lash yo’llari ko’zda tutilgan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz