DEMONOPOLIZATSIYA
DEMONOPOLIZATSIYA, monopoliyadan chiqarish (de… va Yunoncha mono — tanho va lotincha poleo — sotaman) — iqtisodiyotdagi monopoliyaaan erkin, teng huquqli raqobatga asoslangan sohibkorlik faoliyatiga qaytish (qayta o’tish). Demonopolizatsiya sog’lom iqtisodiy bellashuvga yo’l berish maqsadlarida amalga oshiriladi. Demonopolizatsiya ikki yo’l bilan boradi: yirik monopol mavqeidagi birlashmalar, kompaniyalar tarqatilib, ulardan mustaqil korxonalar ajralib chiqadi; yakka hokim korxona yoki birlashmalar, kompaniyalar saqlangan holda ular bilan raqobat qila oladigan parallel (muqobil — bir xildagi yoki bir-birining o’rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqaruvchi) korxona yoki birlashmalar tashkil etiladi. Demonopolizatsiyalashda monopoliyadan chiqarish organlari va Qonunchilik muhim ahamiyatga ega. O’zbekistonda 1992 yil 2 iyulda qabul qilingan O’zbekistan Respublikasining “monopolistik faoliyatni cheklash to’g’risida”gi qonuni bu yo’ldagi birinchi qadam edi. 1992 yildan Moliya vazirligi tarkibida Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish bosh boshqarmasi faoliyat yurita boshladi. Mazkur boshqarma O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1996 yil 23 maydagi farmoniga muvofiq Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo’mitasiga aylantirildi. Qo’mita tovar bozorlarida raqobat muhitini yaratishga, monopoliyadan chiqarishning tarmoq va mintaqaviy dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni muvofiqlashtirishga nisbatan yagona uslubiy yondoshuvni ta’minlash; monopolistax faoliyat, xo’jalik yurituvchi sub’ektlar tovar bozorlaridagi o’z ustun mavqeini suiiste’mol qilishining oldini olish va unga yo’l qo’ymaslik, monopoliyachi birlashma (korxona)larning O’zbekistan Respublikasi Davlat reyestrini yuritish; monopoliyaga qarshi kurashni tartibga solish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kabi vazifalarni bajaradi. O’zbekistonda Demonopolizatsiya tartibi va shart-sharoitlari O’zbekiston Respublikasining 1996 yil 27 dekabrda qabul qilingan “Tovar bozorlarida monopolistik faoliyatni cheklash va raqobat to’g’risida”gi qonuni bilan tartibga solinadi. Risolat Ishmuratova.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz