DEMONOLOGIYA



DEMONOLOGIYA (Demon va …logiya) — demonlar haqidagi diniy ta’limot. Uning vujudga kelishi ibtidoiy davrlarga xos yovuz ruhlarga e’tiqod qilishga borib taqaladi. Demonologiya ayniqsa Bobil dini va qadimgi Eron dinida rivojlangan, ulardan iudaizm, xristianlik va Islomga ham o’tgan. Katolisizm va pravoslavie hozirga qadar demonlarning borligini qat’iy himoya qiladi, ayrim protestantlar ularni ramziy ma’noda tushunadilar. Demonologiya shayton — gunoh manbai, degan tasavvurga asoslangan diniy axloq bilan uzviy bog’likdir. Demonologiyaga ko’ra, inson hamisha va hamma yerda jonga xavf solib turuvchi demonlar bilan o’ralgan. Faqat cherkovgina o’zining ibodatlari, diniy muqaddas ashyolari, ba’zan esa demonni haydovchi maxsus duo va marosimlari bilan insonni ulardan qutqarishi yoki ularning yovuz harakatlarini bartaraf etishi mumkin. Jodugarlikning xurofiy mohiyati ham Demonologiyaga asoslangan. Inkvizitsiya davrida jodugar deb hisoblangan ayollar ta’qib qilingan. Jismoniy va ruhiy kasalliklar sababi ham demonlar hatti-harakati bilan bog’liq deb hisoblanadigan ibtidoiy azayimxonlikdan tortib hozirgi davrdagi diniy bid’atlargacha — hammasida Demonologiya namoyon bo’ladi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

Uzpedia.uz