Demokratik tashabbuslar
"Ilko Kucheriv nomidagi demokratik tashabbuslar" jamgʻarmasi (ukraincha: Фонд «Демократичні ініціативи імені Ілька Кучеріва») — Ukraina nodavlat tahlil markazi. Kievda joylashgan. Jamgʻarmaning ilmiy rahbari — Aleksey Garan hisoblanadi.
Tarixi
„Demokratik tashabbuslar“ jamgʻarmasiga 1992-yilda Ukrainaning NATO harbiy-siyosiy blokiga kirishini qoʻllab-quvvatlovchi jamoat tashkiloti sifatida asos solingan. Jamgʻarmaning asoschisi Ilko Kucherov hisoblanadi. 2000-yilda jamgʻarma tahlil va tadqiqot fondi sifatida faoliyat koʻrsata boshlagan, tahlil markazlari va hukumat ekspertlari uchun „Analitik tadqiqot markazlari va hukumat“ hamda „Muloqot va hamkorlik“ konferensiyalarini oʻtkazish tashabbusi bilan chiqqan. 2010-yilda Kucheriv vafotidan keyin fond uning nomi bilan atala boshlagan.
„Demokratik tashabbuslar“ fondi 1998-yildan buyon Ukrainadagi ekzitpollarda ishtirok etib keladi. 2007-yil holatiga koʻra, tashkilot 50 ta umumukraina va 40 ga yaqin mintaqaviy soʻrovnomalar oʻtkazgan. Fond xodimlari 2008-yilda Gruziyadagi prezidentlik saylovlarida ekzitpol ishtirokchilariga maslahat berishda ishtirok etishgan.
„Demokratik tashabbuslar“ 2010-yildan boshlab PASOS xalqaro tahlil markazlari tarmogʻining aʼzosi hisoblanadi.
Faoliyati
Jamoatchilik fikrini oʻrganish, ekzitpollar oʻtkazish, mustaqil ijtimoiy va tahliliy tadqiqotlarni ommalashtirish kabi ishlar jamgʻarma faoliyatining vakolati doirasiga kiradi. „Demokratik tashabbuslar“ Ukrainani demokratlashtirish, shuningdek, uning Yevropa va Yevro-Atlantika integratsiyasi masalalariga katta eʼtibor qaratadi.
1993-yildan beri jamgʻarma „Ukrainaning siyosiy portreti“ byulletenini nashr etib keladi.
Moliyalashtirish
Jamgʻarmaning 2020-yil uchun taqdim etilgan yillik hisobotiga koʻra, „Demokratik tashabbuslar“ fondiga 10,1 million griven miqdorida mablagʻ sarflangan, grant beruvchilardan esa 8,9 million griven olingan. Eng yirik xayriya mablagʻlari — „Pakt“ xalqaro tashkiloti (2,9 mln. grn) va Buyuk Britaniyaning Ukrainadagi elchixonasi (1,9 mln. grn) dan kelib tushgan.
Taʼsiri
2020-yilda Pensilvaniya universiteti tomonidan tuziladigan „Global Go To Think Tank Index“ reytingida „Demokratik tashabbuslar“ fondi Markaziy va Sharqiy Yevropa tahlil markazlari orasida 52-oʻrinni egallagan.
Rahbarlar
Manbalar
uz.wikipedia.org