DEMOGRAFIYA
DEMOGRAFIYA (Yunoncha demos — xalq va … grafiya) — har yili turli sabablarga ko’ra vafot etgan aholi o’rnini yangidan dunyoga kelgan avlod hisobiga to’ldirib borilishi qonuniyatlarini ijtimoiy-tarixiy sharoitlarga bog’liq holda o’rganadigan fan. Demografiyaning paydo bo’lishi asosan 17-asrning 2-yarmidan angliyalik olim J. Graunt (1620— 1674) tadqiqotlari bilan bog’liqdir. Demografiya terminini 1855 yilda frantsuz olimi A. Giyar qo’llagan. 1882 yil Xalqaro gigiena va demografiya Kongressining Jeneva sessiyasida rasmiy qabul qilingan. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida keng tarqaldi. O’zbekistonda, asosan 1960 yillardan qo’llanila boshladi. Demografiyaning maqsadi muayyan hudud, mamlakat, dunyo aholisi va millatning takror barpo bo’lishi jarayoni va omillarini o’rganish, muammolarni belgilab, yechimlarni aniqlash va istiqbolini ko’rsatib berishdan iborat. Demografiyaning vazifalari: demografik jarayonlar (tug’ilish, o’lim, nikoh va ajralish, oilaning demografik xususiyatlari, aholining yosh-jinsiy va oilaviy tarkibi, demografik mayl) va ularning omillarini o’rganish; demografik bashorat (ma’lum hudud aholisining soni, yosh-jinsiy tarkibi va demografik vaziyati istiqbolini ilmiy asoslangan holda oldindan aniqlash)larni ishlab chiqish; demografik siyosat (aholi siyosatining uzviy qismi bo’lib, uning asosiy maqsadi aholining mikdoriy o’sishini boshqarishdan iborat) chora-tadbirlarini ishlab chiqish. Demografik siyosat ijtimoiy-iqtisodiy siyosatning ilmiy asosini tashkil etmog’i lozim. Shundagina jamiyat har tomonlama muntazam rivojlanib boradi. Demografik tadqiqot usuli — statistik, tarixiy taqqoslash, xaritagrafik, sotsiologik, matematik va mantiqiy fikrlash. Demografiyaning taxliliy metodi statistikadan farq qiladi: unda mavhum fikrlash usulidan keng foydalanish asosida aholi tarkibida kelgusida ro’y beradigan miqdor va sifat o’zgarishlari ham o’rganiladi. Shu jihatdan demografik statistika Demografiyaning bir qismidir. Aholi muayyan ijtimoiy hayot tarziga bo’ysunishi tufayli, demografik jarayonlar ham muayyan ishlab chiqarish usuli va ishlab chiqarish munosabatiga bog’liq bo’ladi. Aholi murakkab ijtimoiy va tabiiy rivojlanish mahsuli bo’lib, turli omillar zaminida ko’payadi. Bu jihatdan Demografiya iqtisod, sosiologiya, geografiya, tibbiyot, tarix fanlari tahlil mavzuiga yaqin bo’lib, ularning yutuqlaridan foydalanadi, ayni vaqtda, ularga muhim ma’lumotlar beradi. Demografik jarayonlarni o’rganishda juda ko’p ma’lumotlardan foydalaniladi. Ko’pchilik davlatlarda demografik ma’lumotlar statistika tashkilotlari tomonidan to’plab boriladi. Ular aholi soni, tarkibi va demografik jarayonlarni aks ettirib o’z ichiga ushbu masalalarga oid raqamli jadval va diagrammali ma’lumotlar, ilmiy manbalar, sotsiologik-demografik tadqiqotlar natijalarini oladi. Dunyo miqyosida demografik ma’lumotlarni to’plash BMT boshchiligida tuzilgan dastur asosida o’tkaziladi. Demografiya har bir ijtimoiy-iqtisodiy tuzum aholisining ko’payishi va rivojlanish qonuniyatlarini alohida-alohida o’rganadi, chunki har bir ijtimoiy-iqtisodiy formatsiyaga xos aholi o’sish qonuni demografik vaziyatga ham bevosita ta’sir ko’rsatadi. 20-asrning 2-yarmiga qadar O’zbekistonda aholining ijtimoiy-iqtisodiy turmush darajasi nisbatan pastligi tufayli aholi o’rtasida o’lim yuqori bo’lgan. Garchi tug’ilish yuqori bo’lsa ham aholi juda sekin ko’paygan. 20-asrning 2-yarmidan O’zbekistonda aholi o’rtasida o’lim bir oz kamayib, aholining o’rtacha umr ko’rishi uzaydi. Natijada aholining miqdor va sifat o’sishi ro’y berdi. Shu davrda O’zbekistonda Demografiyaning rivojlanishiga e’tibor berildi. Demografik tadqiqotlar Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zMU Aholishunoslik ilmiy tadqiqot laboratoriya, demografiya, ijtimoiy geografiya va mintaqaviy iqtisod, sotsiologiya kafedralari, Respublika “oila” ilmiy-amaliy markazi, mehnat, aholi bandligi va ijtimoiy muhofazani o’rganish Respublika ilmiy markazi, O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining iqtisodiyot instituti, O’zbekiston Respublikasi “ijtimoiy fikr” jamoatchilik markazida olib boriladi. O’zbekistonning demografik taraqqiyoti, uning xususiyatlari, omillari va muammolari I. Mullajonov, R. Ubaydullaeva, M. Qoraxonov, E. Ahmedov, O. Otamirzaev, L. P. Maksakova, A. Soliev, H. Salimov, A. Qayumov, M. Bo’rieva, O. A. Ergashev, E. Safarov, O. Saidahmedov, G. Murtazina, Z. X. Rayimjonov, R.K. Ortiqboev va boshqa olimlarning ilmiy tadqiqotlarida keng o’rganilgan. 1993 yildan O’zbekistonda BMTning Aholishunoslik jamg’armasi (UNFPA) o’z faoliyatini boshlagan. Uning faoliyati mintaqa davlatlarini, Qozog’iston va Ozarbayjonni qamrab oladi. Jamg’arma aholi salomatligi, ayniqsa, ayollar salomatligini yaxshilash borasida tadbirlarni amalga oshiradi, mamlakatda milliy tashkilotlar, tibbiyot muassasalariga sog’lom oilani shakllantirish maqsadida keng qamrovli sotsiologik-demografik tadqiqotlar o’tkazadi. Ad.: Bo’rieva M. P., O’zbekistonda oila demografiyasi, T., 1997; Bo’rieva M. R., Demografiya asoslari, T., 2001; Borisov V. A., Demografiya, M., 1999. Mamlakat Burseva.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz