DEMOGRAFIK STATISTIKA



DEMOGRAFIK STATISTIKA, aholi statistikasi —statistika fani tarmog’i, aholi yoki uning alohida guruhlarining miqdori, tarkibi, joylashishi va takror barpo bo’lishi haqida statistik uslub asosida ma’lumotlar to’plash, uni qayta ishlash va taxlil qilishni o’rganadi. Demografik statistika aholi va demografik jarayonlar (tug’ilish, o’lish, nikoh va ajralish, aholining takror barpo bo’lishi) haqidagi raqam ko’rsatkichlar yig’indisidan iborat. Demografik statistika ma’lumotlaridan sotsial-demografik tadqiqotlarda foydalaniladi. Demografik statistika aholi va demografik jarayonlar haqida ma’lumotlar to’plashda ularning ma’lum ijtimoiy-tarixiy taraqqiyot davomida miqdor va sifat jihatdan muntazam o’zgarib borishini nazarda tutadi. Demografik statistikaning aholi ro’yxati o’tkazish, demografik jarayonlar va migrasiyani doimiy ro’yxatga olib borish kabi ilmiy tadqiqot uslublari mavjud aholi haqidagi ma’lumotlarni umumlashtirish, guruhlash, ularni qiyoslash va demografik omillarni o’rganish qoidalarini ham ishlab chiqadi. Demografik statistika statistikaning boshqa tarmoqlariga nisbatan ancha oldin paydo bo’lgan. O’zbekistonda Demografik statistika, asosan, 20-asrning 1-yarmidan shakllana boshlagan. 1927 yil Respublikada fuqarolik holatini qayd etish (ZAGS) byurolarining tarkib topishi Demografik statistika rivojlanishiga olib keldi. Demografik statistika ma’lumotlari dunyoning juda ko’p mamlakatlarida maxsus byulletenlarda, statistik to’plam, jur. va demografik yilnomalarda nashr etiladi. Dunyo aholisi va uning miqsor, sifat o’zgarishlari BMT demografik yilnomalarida, O’zbekiston aholisi va demografik jarayonlari haqidagi ma’lumotlar esa O’zbekistan Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi statistika departamentining demografik yilnomalarida muntazam chop etiladi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz