DEMODEKOZLAR
DEMODEKOZLAR (Demodicoses) — hayvonlarda uchraydigan invasion kasallik. Kasallikni Demodex avlodiga mansub 0,2—0,3 millimetr kattalikdagi endoparazit kanalar chaqiradi. Kasallik itlarda, qoramolda, cho’chqalarda og’ir kechadi. Deyarli barcha mamlakatlarda tarqalgan. Kanalar jun ildizlarida, yog’ bezlarida koloniyalar hosil qilib, dermatit, giperkeratoz keltirib chiqaradi, hayvonlar nihoyatda oriqlab ketadi, yosh mollar nobud bo’lishi ham mumkin. Sog’ hayvonlarga kanalar kasallaridan va atrofdagi narsalar orqali yuqadi. Qoramollar 6 oylikdan yuqori yoshda, asosan bahor va yoz oylarida kanalar rivojlanib, terining yuza qatlamiga chiqqan davrida kasallanadi. Bunda terining bo’yin, kurak, ko’krak qafasi va bel qismlarida katta yumaloq shakldagi, diametri 2-10 millimetrli bo’rtmachalar hosil bo’ladi. Uning ustki qismidan qonli yiring, bo’rtmacha bosilganda esa oqish mumsimon modda chiqadi. Zararlangan joy junlari oldin gajaklanadi, keyin to’kiladi. Teri qalinlashadi, biroq qichimaydi. Qo’ylarning asosan boshi va bo’yin qismlari jarohatlanadi. Davolash: terining jarohatlangan joylari “Dermatozol”, “Akrodeks” aerozollari yordamida (har boshga 60— 80 gramm) 5-7 kun oralatib 3-4 marta dorilanadi; har bosh molga o’simlik piretroidlaridan tsimbushning 0,015— 0,02% suvdagi emulsiyasi (2-4 litrdan), 0,05% emulsiyasi (0,5—1,5 litrdan) sepiladi (har 10-12 kunda, 2-4 marta). Oldini olish. Demodekozlar bilan kasallangan hayvonlarning butun teri qoplami tsimbush yoki insektoakarisid bilan yaxshilab yuviladi. Bino va narsalar preparat bilan dezakarizasiya qilinadi (kanasizlantiriladi). Hayvonlar saqlanadigan binolarda tozalikka rioya qilinadi, ularni parvarish qilish, saklash, oziklantirish yaxshilanadi. F. Ibodullaev.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz