DEMODAM YURISHI
DEMODAM YURISHI — salavkiylardan Salavk I va Antiox sarkardasi Demodamning Sirdaryo ortidagi yerlarga yurishi (miloddan avvalgi taxminan 300 yil). Iskandar Zulqarnayn va uning qo’shini Sirdaryoni Yevropadagi Tanais Demodam (Don) deb o’ylashgan, qadimda bu Daryo Yevropani Osiyodan ajratib turuvchi chegara sanalgan. Salavk I o’zining Osiyodagi mulklarini kengaytirish niyatida razvedka maqsadida Demodamni Sirdaryo ortiga harbiy safarga jo’natgan. Tarixchilarning yozishicha, Demodam yurishi natijasida Sirdaryo ortida ko’plab yirik qabilalar: saklar, massagetlar, daylar, issedonlar, ariaklar, rimniklar, peziklar, amardlar, istlar, edonlar, qanlar, kaniaklar, evxarlar, katiarlar, antuisianlar, psaklar, arimasplar, antakatlar, xroazarlar, oyklar, napeylar, paleylar kabilar yashashi ma’lum bo’lgan. Daryoni mahalliy aholi Silis deb atashgan, aholining turmush tarzi parfyanlarnikiga o’xshash bo’lgan.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz