DEMIREL SULAYMON
DEMIREL SULAYMON (1924.1.11, Isparta viloyatining Islomkoy qishlog’i) — Turkiyaning siyosat va davlat arbobi. Istanbul texnika universitetining qurilish fakultetini tugatgan (1949). 1955-60 yillarda Turkiya suv xo’jaligi davlat direktsiyasi bosh mudiri. 1960-62 yillarda armiya safida. 1962-64 yillarda xususiy korxonada maslahatchi muhandis, O’rta Sharq texnika universitetida o’qituvchi. Demirel — “Adolat” partiyasining asoschilaridan biri. 1962 yil shu partiya bosh kengashi a’zosi, 1963 yildan partiya bosh raisi o’rinbosari, 1964 yildan bosh raisi. 1965-80 yillarda bir necha marta hukumatga boshchilik qildi. 1980 yil 12 sentabrdagi harbiy to’ntarish natijasida bosh vazir lavozimidan chetlashtirildi. Demirel o’ng Liberal “to’g’ri yo’l” partiyasi tuzilishining g’oyaviy ilhomchisi va sobiq siyosatchilarning siyosiy faoliyatini taqiqlash bekor qilingunga qadar mazkur partiyaning yashirin rahbari. 1987 yil 24 sentabrdan “to’g’ri yo’l” partiyasining bosh raisi, 1991 yildan Turkiya bosh vaziri. 1993-2000 yillarda Turkiya Respublikasi prezidenti.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz