DELYUVIY



DELYUVIY (lotincha deluo — yuvaman), delyuvial yotqiziqlar — yomg’ir yoki erigan qor suvlari oqizib keltirgan, shuningdek, o’z og’irligi, sovukdan siljishi va grunt oquvchanligi natijasida qirlar etagida va yon bag’irlarining quyi qismida to’plangan tog’jinslarining nuragan yotqiziqlari. Tog’yon bag’irlari va etaklarida katta maydonlarni egallaydi, delyuvial shleyflar hosil qilgan. Qalinligi bir necha o’n metrga yetadi. Delyuviyning granulometrik tarkibida o’rta va og’ir changsimon qumoq ko’p; bular qiyalik yuqorisidan pastga qarab shag’aldan gilga qadar o’zgarib borishi mumkin. Delyuvial yotqiziklarning mineral va kimyoviy tarkibi atrofdagi tog’ jinslari hamda yotqiziqlarning tarkibi bilan uzviy bog’liq. Suvni o’zidan yaxshi o’tkazadi va qatlamlar hosil qilmaydi. Delyuvial jarayonlar o’simliklar siyrak bo’lgan (tuproq o’simliklar bilan kam himoyalangan) quruq iqlim sharoitlarida tezroq kechadi. O’rta Osiyoning bir qancha mintaqalarida delyuvial yotqiziqlardan lyossning ba’zi xillari hosil bo’lgan. Odatda, bunday yotqiziqlardan unumdor tuproq (sur tuproq, jigarrang tuproq va boshqalar) tarkib topadi. Delyuviyda ko’pincha oltin, qalay, volfram va boshqa metallarning sochma konlari uchraydi. Delyuvial suglinkalardan g’isht tayyorlanadi. A. Pavlov (1888) Delyuviyni kontinental yotqiziqlarning alohida genetik turi qilib ajratgan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz