DELTA YOTQIZIQLARI
DELTA YOTQIZIQLARI – dengiz va ko’llarning daryolar quyilish joyida delipann shakllantiradigan Daryo oqiziq jinslaridan hosil bo’ladi. Tarkibiga ohaktosh qatlamli qum-gilli jinslar ham kiradi. Tog’oldi hududlarida konglomeratlar borligi kuzatiladi. Daryolar adog’ida to’plangan oqiziq jinslarga to’lqin va to’lqinli oqimlar ta’sirining yo’qligi, yer po’sti shu qismining sekinlik bilan bukilishi natijasida qalinligi bir necha kilometrgacha bo’lgan Delta yotqiziqlari vujudga keladi. Delta yotqiziqlaridan paydo bo’lgan akkumulyativ shakl — Delta yuzasi asosan Daryo va ko’l-botqoqlik cho’kindilaridan tashkil topadi. Odatda, Delta yotqiziqlari ustida unumdor tuproq qatlami vujudga keladi. Shu sababli juda qadim zamonlardan Delta yotqiziqlari dehqonchilik markazlari bo’lib, aholi zich yashagan (masalan, Amudaryo, Nil va boshqa Daryo deltalari). Delta yotqiziqlari, shuningdek, qazilma holatida ham ko’pincha o’tmish geologik davrlarning cho’kindi qatlamlarida mavjud. Ular katta qalinligi, tuzilishi, dengiz, sho’rroq suvli va kontinental yotqiziqlarning turli birikmalarida namoyon bo’ladi. Delta yotqiziqlari qazilmalari orasida ko’mir, temir va mis rudalarining konlari uchraydi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz