Delikvent




Delikvent  — (lot . delinquens — ayb sodir etuvchi) huquqbuzar, huquqda ijtimoiy qoidalardan ogʻuvchi xulqli shaxs (jinoyatchi) va b.ni ifodalash uchun ishlatiladigan atama.

Jinoyatchi shaxsi, avvalo jinoyat subʼektining shaxsidir. Jinoyat qonunchiligiga binoan jinoyat subʼekti uni aynan subʼekt deb topish uchun zarur koʻrsatkichlarga ega boʻlishi lozim. Bunday koʻrsatkichlar uchta: jismoniy shaxs (jahonning baʼzi bir mamlakatlarida yuridik shaxslarni xam jinoyat subʼekti deb topish imkoniyati nazarda tutilganki, bunga qoʻshilish qiyin), shaxsning muayyan yoshga toʻlganligi va aqli rasolik. Ammo jinoyatchi shaxsini tavsiflash uchun jinoyat subʼektining faqat jinoyat huquqiy belgilari yetarli emas.

Muayyan subʼektning jinoyat sodir etishi faqat jinoyat sodir etgan odam shaxsi mavjudligini eʼtirof etish uchun asos boʻlib xizmat qiladi. Jinoyat subʼektining shaxsi odamning asosan jinoiy xulq-atvor xususiyatlari b-n bogʻliq boʻlgan boshqa xar xil koʻrsatkichlarini ham qamrab oladi. Jinoiy xulq-atvor, eng avvalo, odamni qurshagan borliq, muhit b-n belgilanadi. Lekin, ayni vaqtda, u shaxsning muayyan mayllari, intilishlari, xulq-atvor motivlari va maqsadlarini ham aks ettiradi. Tabiiyki, odam qanday salbiy xususiyatlarga ega boʻlmasin, agar u jinoyat sodir etmagan boʻlsa, uni jinoyatchi deb hisoblash mumkin emas.

Jinoyat sodir etganlik holati muayyan odamni gʻayriijtimoiy shaxs sifatida tavsiflaydi, lekin uning mazmun — mohiyatini toʻliq tushuntirib bermaydi. Jinoyatchi shaxsini toʻlaqonli tavsiflash va baholash uchun uning ham ijobiy, xam salbiy xulq-atvorini belgilovchi barcha xislatlari xam oʻz aksini topadi. Jinoyat subʼektining shaxsi uch darajada : jinoyatchi shaxsi umumiy tushunchasi nuqtai nazaridan, xar xil toifaga mansub jinoyatchilarning belgilarini aniqlash nuqtai nazaridan va muayyan jinoyat sodir etgan shaxs (masalan, oʻgʻirlik, odam oʻldirish, nomusga tegish, avtomobilni olib qochish va x.k. jinoyatlar sodir etuvchi shaxslar) darajasida oʻrganilishi lozim[1].

Manbalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz