Delfinlar: ular ierogliflar yordamida «so‘zlashadi»mi?



Delfinlar bo‘yicha izlanishlar olib boradigan taniqli tadqiqotchi Jek Kassevits va uning turmush o‘rtog‘i Donna bir necha yillar ilgari «Global Heart» - «Global yurak» notijorat tashkilotiga asos solishgan bo‘lib, hozirgi kunda SpeakDolphin - «Delfin bilan so‘zlashamiz» loyihasi ustida ish olib borishmoqda. Tashkilot sayti globalheart.org.da keltirilishicha, loyihaning maqsadi uning nomidan ham o‘z ifodasini topgan.

Mutaxassislar boshlagan ishlarini muvaffaqiyatli yakunlash uchun oldin «dengizning intellektual jonzotlari» - delfinlar «tili»dagi belgilarni o‘qish va ularning suhbatlarini tushunishga erishishlari zarur. Ke­yingi bosqichda esa ular bilan bevosita muloqotga kirishish ham nazarda tutilgan. E'tiborlisi, bu jarayon shunday shaklda amalga oshirilishi lozimki, natijada nafaqat odamlar, balki delfinlar ham insonlarni tushunishi lozim.

Aslida delfinlar bilan «dildan» suhbat uyushtirishga uzoq paytlardan beri ko‘pchilik harakat qilgan. Shunga qaramay, turli mamlakatlarda qator mutaxassislarning bu borada olib borgan sa'y-harakatlari hozircha besamar edi. Ammo Donna va Jek o‘z tadqiqotlarining muvaffaqiyatiga qat'iy umid qilishmoqda. Ular dengiz jonzotlari tilidagi belgilarini o‘qish sohasida olamshumul yangilik yaratishlarini ta'kidlashyapti. Sababi, tadqiqotchilar delfinlar tilini o‘rganishda shu paytgacha amalda qo‘llanilmagan mutlaqo yangicha yondashuvni ishlab chiqishgan. Bunga olimlar tomonidan ushbu yoqimtoy dengiz jonzotlari tilidagi «so‘zlar»ning grafik belgilar orqali ifodalanishining aniqlanishi turtki bo‘ldi. O‘ziga xos ierogliflar sifatida ta'riflanayotgan mazkur belgilar delfinlarda yozuvga qobiliyat borligini ko‘rsatdi. Aynan shu jihatga tayangan holda Kassevitslar oilasi o‘z hamkasblarini jalb qilib, izlanish olib bormoqda.

Dengizga ketib, qaytmaganlar          




Ilm-fandan ma'lumki, delfinlar insonlar kabi sutemizuvchilar guruhiga kiradi. Qolaversa, ular Yer yuzida odamlardan ham bir necha million yillar ilgari paydo bo‘lgan. Bu dengiz hayvonlarining miyasi yirik va ancha takomillashgan bo‘lib, ba'zi turdagilarniki inson miyasidan ham hajman kattaroq ekan.

Ko‘pchilik  (hattoki olimlar ham) delfinlar ona sayyoramizdagi eng birinchi ongli mavjudotlar bo‘lganligi to‘g‘risidagi ertaknamo farazga ishonadi. Mazkur taxminga ko‘ra, qandaydir bir sabab tufayli ular dengizga ketib, yashash uchun barcha sharoit bo‘lgan suv muhitida butun umrga qolib ketishgan. Shu bilan birga, ulardagi aql-idrok va muloqot qilish qobiliyati saqlanib qolgan. Lekin muomala qilish shakli, boshqacha qilib aytadigan bo‘lsak, tili o‘zgargan, negaki insoniyat tamaddunidagi evolyutsiya uning suvda kechadigan suhbatlar uchun moslashishiga zamin yaratdi. Aniqlanishicha, delfinlar tor doiradagi tovush nurlari orqali baland va past tebranishlarda «gaplashar» ekan.

Bundan 50 yil oldin mashhur amerikalik neyrofiziolog Jon Lilli ilk marotaba bu dengiz hayvonlari ongli ekanligini, ularning nutqi yuqori darajada shakllangan va o‘rganilishi zarurligini ta'kidlagan edi. Shuningdek, «Yerdagi yangi qadimiy tsivilizatsiya: ongli delfinlar» («The New Ancient Civilization on the Earth: Clever Dolphins») asarini yozib, sayyoramiz ahlining katta qismida bu jonzotlarga nisbatan mehr uyg‘ota olgan.

Fikrlar qarama-qarshiligi haqiqatni ravshanlantiradi




Yarim asrlik davr oralig‘ida delfinlarning ongli ekanligiga qancha dalil topishga urinishlar kuzatilgan bo‘lsa, buning aksini ko‘rsatishga ham shuncha harakatlar amalga oshirilgan. «Nyu sayentist» ilmiy nashrida muntazam ravishda bu mavzuga oid maqolalar berib boriladi. Ulardan birida:

- Agar delfinlarda nutq shakllangan bo‘lsa ham, ular insonlardan mazkur xususiyatni astoydil yashiradi, - degan edi bir paytlar fiziolog, akustik kommunikatsiya sohasining yetakchi  mutaxassisi Jey Morton.   

Qator tadqiqotchilar yirik shakldagi miya yuksak salohiyat ko‘rsatkichi emasligini asoslab berishga intilganlar. Ularning aytishicha, delfinlar miyasi sohil chegaralarini yodda saqlab qolish uchun qo‘shimcha «miya chiziqlari» zarur bo‘lganligidan kattalashgan. Boshqacha qilib aytganda, delfinlar miyasidan faqat navigatsiya maqsadlari, ya'ni dengizda yurish uchungina foydalanadi.

Yana kimdir katta hajmdagi miya boshni issiq saqlab turish uchun kerak xolos, degan fikrda. Aslini olganda delfinlar mutlaqo ongsiz, deydi yana boshqalar. Bunday fikr tarafdorlari keltirayotgan asosiy dalilga ko‘ra, agar bu jonzotlar aqlli bo‘lganida edi, ular hech qachon baliqchilar to‘riga tushib qolmasdi. Delfinlar bo‘lsa, ko‘p hollarda baliq to‘rlariga ilashib qolib, havo yetmay nobud bo‘ladi. Mazkur qarashga qarshi fikr bildirayotganlarning ham nuqtai nazari juda qiziq: insonlar ham doimiy ravishda yo‘l avtohalokatlariga uchrab, jon beradilar. Demak, odamlar ham ongsiz ekan, degan fikrga borish kerakmi?

Floridadagi Atlantika universitetining bir guruh olimlari ham bu borada tadqiqot olib borishgan. Oliy o‘quv yurtining (atlanticunversity.edu) saytida ushbu tadqiqotchilar yozgan maqolada keltirilishicha, delfinlarning bir-biriga signal jo‘natishi sababi juda oddiy ekan: ular shu yo‘l bilan kichik, ozuqa bo‘ladigan baliqlarni yo‘ldan chalg‘itib, osongina o‘ljaga ega bo‘ladi.

Salom, mening ismim...




Yuqoridagi kabi qarshi dalillarga qaramay, baribir bu quvnoq dengiz jonzotlarining ongli ekaniga guvohlik beruvchi holatlar nisbatan ko‘p. Shimoliy Karolina universiteti professori Laela Sey qator hamkasblari bilan delfinlar bir-birini ismi bilan atab chaqirib, tanishganda esa ismini ham aytishini aniqladilar. Ular ushbu «so‘z»larni qardoshlaridan kelayotgan signal emas, balki murojaat sifatida qabul qiladi. Ajablanarlisi, ovozni tanish imkonini beruvchi hech bir aloqasiz ham suhbatdoshining kimligini bila oladi.

Florida shtatida, okean sohillarida shisha tashuvchi delfinlar bilan o‘tkazilgan tajriba paytida olimlar ularga sintezlangan shaxssiz murojaatlar signalini jo‘natishgan. Ammo dengiz jonzotlarining yarmidan ko‘pi aynan ularni chaqirishgandagina qayrilgan. Bundan tashqari, ularning «suhbatlari»ni tinglab olimlar ikkita delfin uchinchisi haqida gapirayotib, qardoshini o‘z ismi bilan atashi mumkinligini ham taxmin qilishmoqda.

Underwater-researches.org veb-sahifasida ham bu borada yana bir qancha tafsilotlar berilgan. Tadqiqotchilar so‘zlariga tayanadigan bo‘lsak, ongli hayvonlar deb e'tirof etilayotgan delfinlar nutqi tovush, bo‘g‘in, so‘z, oddiy jumla, murakkab jumla, kichik matn kabi kamida oltita tashkiliy bos­qichdan iborat.

Tinglash - ko‘rish qobiliyatining o‘rniga




Yuqoridagi manbalarga ko‘ra bundan o‘n yilcha avval Mauntin-Vyu (AQSh)dagi Yerda bo‘lmagan idrokni tad­qiq etish instituti (SETI Institute) xodimi Lorens Doyl va Devis shahri (Kaliforniya shtati)dagi Kaliforniya universitetining hayvonot dunyosi mutaxassislari bilan delfinlarning bir necha yuzlab signallarini yozib olishga muvaffaq bo‘lishdi. Ularni o‘rganishda tadqiqotchilar «Zipf» metodini qo‘llashgan. Uni Garvard universiteti professori Jorj Kingsli Zipf 1949 yildayoq ishlab chiqqan edi.

Mazkur metod asosida hisob-kitob, aniqrog‘i, so‘zlar va harflar qo‘llanishining statistik tahlili yotadi. Zipf uslubi yordamida istalgan nutq yoki til qanchalik ma'lumotga boy, bir tizimga keltirilgan va tabiiyki, idrokli ekanini aniqlash mumkin. Tahlil natijasi grafik chizmada namoyon bo‘ladi. Ortiqcha tafsilotlarga berilmay aytilsa, muomaladagi har bir, masalan, ingliz, rus va hatto yapon tili ham bu metod yordamida tahlil qilinsa, egri chiziq hosil bo‘lishi kerak. Agar aql-idrokka bo‘ysunmaydigan nutq bo‘lsa, u holda chizmada bunday chiziq aks etmaydi.

Izlanishlar delfinlar nutqidagi chiziq esa aynan insonlarnikiga o‘xshashligini ko‘rsatdi. Demak, ularning nutqida axborot mujassamlashgan. Jek va Donna bo‘lsa, ilm-fanda mazkur turdagi nutq grafikasini yozib olishning uddasidan chiqqan ilk tad­qiqotchilar sifatida tilga olinmoqda.

Delfinlarning harf yoki so‘zlari tasvirlarini aniqlashga britaniyalik akustika sohasi muhandisi Jon Styurd Reyd tomonidan yaratilgan saymaskop (CymaScope) uskunasi imkon tug‘dirdi. Undagi maxsus membrana yordamida dengiz jonzoti chiqarayotgan tovushli nurning tebranma harakati tezligi borasidagi batafsil ma'lumot kompyuterga uzatiladi.  Natijada ekranda delfinning har bir «chug‘ur-chug‘ur»i o‘ziga xos tasvir - ieroglif yoki simaglif (olimlar bu hal­qasimon belgilarni hozirda shunday atashyapti) shaklida namoyon bo‘ldi.

Bu simaglif-ierogliflar bir-biridan xuddi inson nutqidagi so‘zlar kabi farqlanishi ham mutaxassislarga sir bo‘lmay qoldi. Ular delfinlar tasvirlar orqali so‘zlashadi va tinglashadi, degan fikrda. Bu jarayon tovushlar bilan yozish va o‘qish kabi ma'lum tushunchalarni tasvirlar or­qali ifodalab, qabul qilishga o‘xshaydi.

- Anchadan beri inson tafakkuri video tasvirni qanday qabul qilsa, delfin ongi ham audio signallarni shunday qabul qiladi, degan fikrda edik, - deydi loyiha ishtirokchisi, delfinlarni davolash bo‘yicha mutaxassis, terapevt Xoreys Dobbs. - Bugunga kelib esa ushbu qarash o‘z tasdig‘ini topdi, deb ishonch bilan ta'kidlash mumkin.

- Bizni ultratovushli uskuna yordamida insonning ichki organlari yoki ona qornidagi homilani ko‘rish mumkinligi hech ajablantirmaydi, to‘g‘rimi? - fikrlari bilan o‘rtoqlashadi loyiha muallifi Jek Kassevits. - Shu sabab, delfinlardagi kommunikatsiya tizimi vizual tasvirlar asosida shakllanadi, degan fikrga ham oddiy nazar bilan qarash lozim. Aslida buning natijasida ularning nutqi insonlarnikiga nisbatan yanada jonliroq, ifodaliroq namoyon bo‘ladi.

Insonlarda ma'no-mazmun tushunchasi uchinchi bosqich, ya'ni so‘z orqali shakllanadi. Olimning fikricha, delfinda bu holat birinchi bosqich - tovush qabul qilinganidayoq sezilarkan. Boisi, o‘zida axborotni mujassam etgan har bir tovush grafik jihatdan yetarlicha murakkab shaklda tuzilgan hisoblanadi.  

Vositasiz iloji yo‘q




Xullas, Kassevits ham, Reyd ham mazkur jumboqqa shunday bir «ochqich» topishdiki, uni bir paytlar Jan-Fransua Shampolon va Tomas Yungga qadimiy Misr ierogliflarini o‘qish imkonini bergan kalitga o‘xshatish mumkin. Tadqiqotchilar, endilikda delfinlar tilini tushunishga ko‘maklashadigan tasvirli alifbo yaratiladi, deyishmoqda. Uning yordamida muomalada zarur bo‘ladigan butun-butun jumlalar tasvirli tovushlarga aylantiriladi. Ammo, taassufki, insonlar hech qachon delfinga xos tarzda tovush chiqara olmas ekan. Negaki, insonlarda bunga mos organlar yo‘q. Delfinlarda bo‘lsa, yuqori bosh qismida joylashgan murakkab tovush uzatish mexanizmi bor. Unda o‘z navbatida bir payt­da ishga tushadigan to‘rtta tovush generatorlari joylashgan.

Shu sabab, olimlar orzu qilgan delfinlar bilan vositachisiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri suhbat qurishning iloji bo‘lmaydiganga o‘xshaydi. Lekin tarjimon, tovush uzatuvchi va signallarni qabul qiluvchi vosita sifatida kompyu­terdan foydalanish rejalashtirilgan. Ayni kundagi kompyuterlar esa shu darajada takomillashganki, hatto hozirning o‘zidayoq suhbat qurishga imkon yaratib bera oladi. Faqat hamma gap lug‘atda qolgan, xolos.

Nargiza Ibrohimova tayyorladi,«Ma'rifat» gazetasidan olindi.






Uzpedia.uz