DELFINLAR
DELFINLAR (Delphininae) — tishli kitlar turkumiga mansub sut emizuvchilar guruhi. Daryo Delfinlari (Platanistidae) va delfinsimonlar (Delphinidae) oilalarini o’z ichiga oladi. Daryo Delfinlarining uzunligi 1,5—3 metr, ko’krak suzgichlari kalta va keng, tumshugi uzun va ingichka, tishlari ko’p (104 dan 242 gacha), ko’zlari ojiz (Gang Delfinlarda ko’z gavhari bo’lmaydi). Asosan Janubiy Amerika (Laplat Delfinlar) va Janubiy Osiyo (hind Delfinlar, Xitoy ko’l Delfinlar) daryolarida tarqalgan. Delfinsimonlarning uzunligi 1,2—3 metr, ayrim turlari (kosatka) 10 metrgacha. Ko’pchiligida orqa suzgichi bo’ladi, tumshugi cho’ziq, tishlari 50 tadan ko’proq, dum suzgichining keying uchi chuqur kesilgan. Bosh miyasi sharsimon, yarim sharlari po’stlog’ida juda ko’p pushtachalari bor. Delfinlarda kitsimonlarga nisbatan exolokasiya va eshitish organi yaxshi rivojlangan (bir necha o’n Gts dan 150— 196 Gts gacha chastotalik akustik tebranishlarni qabul qiladi). Tovush signallari orqali o’zaro aloqa qiladi. Exolokasiya organi boshining havo to’plovchi bo’shliqlarida joylashgan. Soatiga 55 kilometr tezlikkacha suza oladi (kosatka). 3-5 yilda balog’atga yetadi. Bolasini 4-6 oy emizadi. Yirik Delfinlar 50, maydalari 30 yilgacha yashaydi. Ovozga taqlid qila oladi, qo’lga oson o’rganadi. Okeanariumlarda boqilganida ko’payishi ham mumkin. Delfinlarning 50 turi ma’lum. Oq biqin Delfinlar va afalina deyarli hamma dengizlarda uchraydi. Qora dengizda faqat oq biqin Delfinlar, shimol dengizlarda shimol kitsimon Delfinlar, kosatkalar tarqalgan. Ko’pchilik turlarini ovlash man qilingan.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz