DELFA



DELFA — Fokida (O’rta Gretsiya) ning Janubi-g’arbida, Parnas tog’i etagida joylashgan yunon shahri. Miloddan avvalgi 7-6-asrlarda umumyunon diniy markazi bo’lib, me’moriy yodgorliklar (Apollon ibodatxonasi Orakul va boshqalar) saqlangan. Miloddan avvalgi 6-asrning boshlarida Delfada 4 yilda 1 marta umumyunon Pifiy o’yinlari o’tkazilgan. Bu vaqtda muqaddas osoyishtalik, tinchlik hukm surgan. Delfada Apollonga atab juda ko’p nazrniyoz keltirilgan. Bu boyliklar Delfaning yuksalishiga sabab bo’lgan. Miloddan avvalgi 1-asrning 80-yillarida Delfa frakiyaliklar va boshqa qabilalar tomonidan talangan. Milodiy 1-asr oxirida Delfadagi ibodatxona qayta tiklangan. Orakul faoliyati milodiy 2-asrda bir muncha jonlangan (so’nggi bor orakulga 3-asrda murojaat qilinganligi ma’lum); ibodatxona Rim imperatori Feodosiy I tomonidan taxminan 390 yil rasman yopib qo’yilgan. Hozirgi Delfa — kichik aholi punkti. Delfa yodgorligidan 1892 yildan boshlab frantsuz arxeologlari olib borgan qazishlar natijasida ikki muqaddas maskan (uchastka) — Apollon va Afina maskanlari ochildi: Apollon Pifiy ibodatxonasi (miloddan avvalgi 6-asr, me’morlar Ksenodor va Agaton tomonidan miloddan avvalgi 4-asrda qayta qurilgan) bo’rtma tasvirlar bilan bezatilgan (muzeyda saqlanmoqda). Sifniylar (taxminan miloddan avvalgi 525), afinaliklar (miloddan avvalgi 5-asr boshlari) xazinalari, ustunlari (galereya — ustunli peshayvon, miloddan avvalgi 475), teatr (miloddan avvalgi 2-asr) va boshqalar bor. Afina Pronoya muqaddas ibodatxonasining eski (miloddan avvalgi 7-asr oxiri) va yangi (miloddan avvalgi 6-asr oxiri) asoslari, aylana tarxli — folos — maqbara (miloddan avvalgi 4-asr boshlari), stadion (miloddan avvalgi 6-asr), gimnasiy (miloddan avvalgi 6-5-asrlar) va boshqalar o’rganilgan. Delfada arxeologik muzey tashkil etilgan. Delfa me’moriy yodgorliklari Jahon merosi ro’yxatiga kiritilgan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

TEZ YUK MARKAZ

Yuk markaz elonlari yuk yuborish va yuk tashish

Guruhga kirish


Uzpedia.uz