DEKLAMATSIYA



DEKLAMATSIYA (lotincha declamatio — notiqlik mashqi) — badiiy o’qish, notiqlik san’atining muhim turlaridan biri. Sharqda Deklamatsiya qadimdan rivojlangan. Xitoy, Hind podsholari, Xorazmshohlar, sug’d, sak xonlari saroylarida Deklamatsiya ustalari ishlagan. O’zbek xonliklari hududida ham Deklamatsiya san’atining mohir ustalari (maddoxlar, qissaxonlar, dostonchi, ertakchi va otinlar) yashab ijod etgan. Saroylarda tez-tez uyushtirib turilgan she’rxonlik ham aslida Deklamatsiyaning bir ko’rinishidir. 17-18-asr G’arb mumtoz teatrida Deklamatsiya tushunchasi aktyorlik ijro vositalarini umumlashtirgan. 18-asr oxiri — 19-asr boshlari teatrdagi romantizm va realizm oqimlari klassisizm qonunlaridan voz kechdi. Romantizm aktyor ijrochiligidagi Ilhom hissiyot erkinligini, realizm nutq va aktyorning sahnadagi hatti-harakati tasvirlanayotgan qahramonning o’ziga xos xususiyatlarini bo’ysundirdi. Keyinchalik Deklamatsiya soxta, sun’iy nutq usuli tushunchasini bildiradigan bo’lib qoldi. K. Stanislavskiy Deklamatsiyaga aktyorlik san’atining quruq, soxta ko’rinishlaridan biri sifatida qaradi, hayot haqiqatiga asoslangan obraz yaratish yo’lida Deklamatsiyaga qarshi kurashishga chaqirdi. Estradadagi badiiy asarlarni o’qish keng qamrovli o’ziga xos san’at bo’lib, Deklamatsiyaning zamonaviy ko’rinishlaridan deyish mumkin. Muhsin Qodirov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz