DEKART
DEKART (Descartes) Rene (lotincha nomi — Karteziy; 1596.31.3, Lae, Turen — 1650.11.2, Stokgolm) — frantsuz faylasufi, matematigi, fizigi, fiziologi. Laflesh iezuit kollejida ta’lim oldi, yunon va lotin tillarini, matematika va falsafani o’rgandi. 1629 yilda Niderlandiyaga ko’chib bordi, fan bilan shug’ullanadi. Qirolicha Xristina taklifi bilan 1649 yilda Shvetsiyaga boradi va o’sha joyda vafot etadi. Dekart falsafasi uning mat.si, kosmogoniyasi, fizikasi bilan bog’liq. Matematikada analitik geometriya asoschilaridan biri (to’g’ri burchakli koordinatalar tizimi uning nomi bilan ataladi), o’zgaruvchi miqdor va funktsiya tushunchasini bergan (“Geometriya”, 1637), bir qancha algebra belgilarini joriy qilgan. “Dioptrika” (1637) asarida yorug’lik nurining ikki muhit chegarasida sinishi haqidagi qonunni bayon qilgan. Harakat miqdorining saqlanish qonunini ta’riflagan. Osmon jismlarining yuzaga kelishi va harakati materiya zarralarining uyurma harakatidan deb tushuntiruvchi nazariya (Dekart uyurmalari) muallifi. U fiziologiyaga oid bir qancha tajribalar o’tkazdi va birinchi bo’lib shartsiz refleks haqidagi tasavvurni yaratdi. Dekart fazo materiya bilan to’la, materiyasiz fazo yo’q, deb tushundi. Dekart falsafasi asosida jon va tana, “fikrlovchi” va “ko’lamli” substantsiya dualizmi yotadi. Materiyani ko’lam (yoki fazo) ga tenglashtirgan, harakatni jismlarning o’z joyini o’zgartirishidan iborat deb bilgan. Dekart fikricha, harakatning umumiy sababchisi Xudo bo’lib, u materiya, harakat va osoyishtalikni yaratgan. Inson jonsiz a’zoi badanni tafakkurga va irodaga ega bo’lgan jon bilan bog’lab turadi. Dekart falsafasi Xudo, jism va jondan iborat uchta tug’ma g’oya bor degan qoidaga asoslanadi. U Xudoning mavjudligini, tashqi olamning realligini isbotlashga harakat qilgan. Dekart g’oyasiga ko’ra, insonning mohiyati uning fikrlashidadir. “Fikrlayapman, demak mavjudman” degan fikri shundan kelib chiqqan. Uning fikricha, ilmda ishonchli, isbotlangan, tajribada tekshirilgan dastlabki asos ikki yo’l bilan — birinchisi induktsiya va analiz orqali, ikkinchisi — deduktsiya va sintez orqali izlab topiladi. Dekart ikkinchi yo’lni ma’qul yo’l deb hisoblaydi. U inson aql-idrokining bilish jarayonidagi o’rniga yuksak baho beradi. “Har bir xulosaga shubha bilan qarash kerak”, deydi u. Har jihatdan ratsional-faylasuf bo’lgan Dekart 17-18-asr falsafasi va fani taraqqiyotiga salmoqli hissa qo’shdi. Uning falsafa va tabiatshunoslikka oid ta’limotlari ta’sirida vujudga kelgan ilmiy maktablar majmuasi karteziychilik falsafasi nomi bilan mashhur bo’ldi. Asosiy asarlari: “geometriya” (1637), “Metod haqida mulohazalar” (1637), “Falsafa asoslari” (1644) va boshqalar.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz