DEKAN YASSITOG’LIGI



DEKAN YASSITOG’LIGI (sanskritcha dakshina patxa — Janubiy mamlakat) — Hindiston yarim orolining kata (ichki) qismidagi yassitog’lik. Hindiston Respublikasi hududida, Narbada daryosidan Janubda. Maydoni 1 million kilometr kvadrat. O’rtacha balandligi g’arbida 900 metr, sharqida 600 metr. Relefi bir oz o’rqirli tekislik. Asosan metamorfik va otqindi jinslar, ohaktosh va qumtoshlardan tarkib topgan. Geologik jihatdan Dekan yassitog’ligi Hindiston platformasining bir qismidir. Dekan yassitog’ligining balandlashgan chekkalari G’arbiy Gat va Sharqiy gat tog’laridan iborat. Ular Arabiston dengizi va Bengaliya qo’ltig’i sohillariga tik yon bag’ir bilan tushgan. Foydali qazilmalardan temir rudasi, mis, marganes, volfram, oltin va toshko’mir bor. Dekan yassitog’ligining o’rta qismidan oqadigan daryolarning vodiylari juda keng. Asosiy daryolari: Godavari, Krishna, Kaveri, Narbada. Iqlimi subekvatorial mussonli iqlim, yozi sernam, bahori yog’insiz. Yillik o’rtacha yog’in Markaziy qismida 500-700 millimetr, G’arbiy gat tog’larida 2000-3000 millimetr. Eng issiq oy — mayning o’rtacha temperaturasi 29— 32°, yanvarniki 21-24°. Ko’proq savanna o’simliklari o’sadi. Dekan yassitog’ligining 60% maydoni haydaladi, 10-15% hududni o’rmonlar tashkil qiladi. Bandipur qo’riqxonasi, bir necha milliy parklar tashkil etilgan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz