DEKADENTLIK
DEKADENTLIK (lotincha decsdentis — tanazzul) — 19-20-asrlarda Yevropa madaniyatidagi inqiroziy holatni umumiy tarzda ifoda etgan nom. Tanazzulga yuz tutishlik, umidsizlik kayfiyati, hayotdan bezishlik, yolg’izlanib qolganlik kabi hissiyotlarda o’z aksini topgan. Dekadentlikka xos bir qator xususiyatlar modernizmga ham xosdir. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida ro’y bergan jiddiy o’zgarishlar, yangilanishlar, inqilobiy jarayonlarning etilishi ijtimoiy voqelikda ziddiyatlarni kuchaytirdi. Eskilik va yangilik o’rtasidagi kurash avj oldi. Bunday holatni ko’rgan ayrim madaniyat, xodimlari, ijodkorlar tarix, tabiat, inson tanazzulga yuz tutmoqda, degan fikrga keldilar. Ular o’z asarlarida ana shu tanazzul, inqiroz sabablarini, inson boshiga tushgan tashvishlar, qiyinchiliklarni aks ettirishni maqsad qilib qo’ydilar. Natijada san’at sohasida modernizmning yangi yo’nalishi Dekadentlik paydo bo’ldi. Dekadentlar murakkab va qaramaqarshi hodisalarni tarixni buzuvchi kuch, deb qaradilar. Ular insonni jamiyatdan, siyosatdan va boshqa jarayonlardan xoli bo’lgan tabiatli individ sifatida baholadilar. Shunda inson hech bir jamiyatga qaram bo’lmagan ozod insonga aylanadi. Boshqacha aytganda, individ estetikasining ajralmas qismi sifatida shaxs erkinligi vujudga keladi. Dekadentlik estetikasidagi bu qarash san’at, adabiyot va ijodiy jarayonga munosabatda ham o’ziga xoslikni yuzaga keltirdi. Dekadentlar adabiyotni siyosatdan xoli qilish g’oyasini ilgari surdilar va buni ijod erkinligi deb hisobladilar. Shu bois Dekadentlik san’atkorlari asarlaridagi inson ko’proq individ sifatida namoyon bo’ladi, ular qahramonlarining shaxsiy xususiyatlari, hayoti tafsilotlari bo’rtib ko’zga tashlanadi. Dekadentlik dastlab frantsuz adabiyotida yaqqol namoyon bo’lgan. “La’nati shoirlar” deb nom qozongan P. Verlen, A. Rembo, S. Mallarme kabi shoirlar etakchilik qilgan simvolizm oqimiga Dekadentlik nihoyatda kuchli ta’sir etdi. Keyinchalik P. Valeri, P. Klodel, P. For va boshqa asarlarida rivojlantirildi. O. Uayld (Angliya), M. Meterlink (Belgiya), R. Rilke (Avstriya), M. Prust (Frantsiya) kabi 20-asrning 80-90-yillari adiblari ijodida ham aks etdi. Italiyada Dekadentlik lirik shoir J. Paskoli she’riyatida ko’zga tashlanadi. Uning ijodi uchun mistik kayfiyat, simvolizm b-n hamohanglik xos. 1900-yillarda Dekadentlik ta’sirida Italiyada kuch-qudratga sig’inishlik va urush oldidagi qo’rquv kayfiyatidagi yangi oqim paydo bo’ladi (G. Gossano, M. Moretti, F. Martini va boshqalar). Dekadentlik boshqa qator mamlakatlarga ham yoyiladi. Masalan, Germaniyada shoir S. George to’garagi paydo bo’lali. Bu to’garak a’zolari ijodida Nisshe g’oyalari ruhidagi afso-naviylik hissiyoti ustunlik qiladi. Rossiyada Dekadentlik simvolizm oqimiga mansub shoirlar ijodida o’z aksini topadi, lekin bulardagi Dekadentlik ekspressionizmga ancha yaqinlashib keladi. Hayotdan qoniqmaslik, uning achchiq saboklari, yomonliklarga qarshi tinimsiz kurash, mavjud talabga javob bermaydigan narsalarni rad qilish kabi dekadentlarga xos bo’lgan xususiyatlar hozirgi ham jahon adabiyotida o’z ifodasini topmoqda. Kamol Matyoqubov.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz