DEIZM



DEIZM (lotincha deus — Xudo) — diniy-falsafiy ta’limot; Deizm Xudoni mukammal tabiat “mashinasi”ni yaratib, unga qonunlar va harakat baxsh etgan olamiy aql deb e’tirof qiladi, biroq tabiatning o’z harakatlariga Xudoning keying aralashuvini inkor etadi va Xudoni bilish uchun aqldan o’zga yo’lni rad qiladi. 17-asrda yashagan ingliz faylasufi Lord G. Cherberi D. asoschisidir (“haqiqat haqida risola…”, 1624). Deistlar ko’pgina o’zgarmas aqidalar va urf-odatlarga qarshi chiqib, aqlga muvofiq keladigan dinni targ’ib etadilar. Ular vijdon va fikr erkinligini himoya qilib, “tabiiy din” va “aql dini”ni vujudga keltirishga intildilar. Moddiyunlar (Angliyada Toland, Kollinz, Pristli, Germaniyada Edelman, Rossiyada Lomonosov va Radishchev) ham, idealistlar (Leybnis, yum, Kant) ham, eklektik dunyoqarashdagi mutafakkirlar ham Deizm bayrog’i ostida o’z fikrlarini bayon etishgan. 17— 18 – asr mutafakkirlari: Nyuton (“1693 yil 11 fevralda BENTLIga jo’natilgan maktub”), Lokk (“diniy aqida erkinligi xaqida to’rt maktub”, 1685— 1704, 1689-1706 yillarda nashr etilgan; “inson aqli haqida tajriba”, 1690), Volter (“Kandid”, 1759; “A, V va S orasidagi suhbat”, 1768), Jefferson, Franklin (“birinchi ibtido”, 1840), shuningdek, “erkin fikrli” Sheftsberi (“tashabbus haqida maktub”, 1708), Tindal (“sirru asrorsiz Masixiylik”, 1730), boling-Brok, Russo va Lessinglar ham deist edilar. Biroq 18-asr oxiriga kelib Deizm Frantsiyada Golbax, Didro, Rossiyada N. Kryukov, A. Baryatinskiylar tomonidan tanqidga uchradi. Hozirgi vaqtda Deizm alohida oqim sifatida tan olinmaydi. Ammo ko’pchilik tabiatshunoslar olamning tartibli ravishda tuzilganida uning shaxsiy xususiyatga ega bo’lmagan xalloqi borligi isbotini Deizmda ko’radilar va shu sababli bu aqidaga qo’shiladilar. Muhammadjon Qodirov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

Uzpedia.uz