DEHQONLAR
DEHQONLAR – ijtimoiy guruh, aholining asosiy kasbi dehqonchilik bo’lgan maxsus toifasi. Dehqonlar mehnat faoliyati, turmush tarzi, manfaati va ko’nikmalariga ko’ra jamiyatdagi boshqa sinf va ijtimoiy guruhlardan farq qiladi. Dehqonlar agrar sohada faoliyat ko’rsatadi, yer va boshqa resurslarga egalik qiladi, o’z ishlab chiqarish vositalari va oila a’zolari mehnati bilan yakka xo’jalik yuritadi. Dehqonlarning paydo bo’lishi ibtidoiy jamoat tuzumining parchalanishi jarayonida qishloq xo’jaligida ixtisoslashuv yuz berib, dehqonchilikning chorvachilikdan ajralib chiqishi va mayda oilaviy xo’jaliklarning yuzaga kelishi bilan bog’liq. O’rta Osiyoda va Eronda dastlab jamoadan ajralib chiqqan katta yer egalari, ba’zan qishloq oqsoqollari “dehqon” deyilgan (ular o’zlarining devor bilan o’ralgan mustahkam qo’rg’onlariga ega bo’lganlar). O’rta asrlarga kelib Dehqonlar qishloq xo’jaligi iqtisodiyotining asosiy tayanchini hosil etdi, natijada u aholining asosiy ijtimoiy qatlamiga aylandi. Ishlab chiqaruvchi kuchlarning taraqqiyoti va ijtimoiy mehnat taqsimotining chuqurlashuvi natijasida asosan qishloq xo’jalik ishlab chiqarishida band bo’lgan Dehqonlar tovar-pul munosabatlari yuzaga keltiradigan ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarga tortildilar va asta-sekin ijtimoiy tabaqalanib mayda, o’rtahol va yirik yer egalari bo’lgan Dehqonlar paydo bo’ldi. Sanoat rivojlanishi bilan, birinchi navbatda, kambag’al, mayda Dehqonlar hisobidan ishchilar shakllanadi va shu hisobiga Dehqonlar soni qisqardi. Bozor iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarda Dehqonlar sonini keskin qisqartiradigan fermer xo’jaliklarining o’sishi bilan bir qatorda kooperatsiya ham yuzaga keldi. Hozirgi rivojlanayotgan mamlakatlarda aholining asosiy qismini tashkil qiladigan Dehqonlarning xo’jalik ukladi rivoji ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning umumiy qolokligi ta’sirida yanada murakkablashib bormoqda. Sobiq SSSRda, Sharqiy Yevropa va Osiyodagi bir qator mamlakatlarda kuch ishlatib, qatag’on yo’li bilan amalga oshirilgan dehqon xo’jaliklarini jadal kooperasiyalash (jamoa xo’jaliklariga aylantirish) qishloq xo’jalik ishlab chiqarishini juda pasaytirib, Dehqonlarga ham, jamiyatga ham zarar keltirdi. Hozirgi vaqtda O’zbekistonda tomorqa yeri bo’lgan mayda Dehqonlar, shirkat a’zosi bo’lgan Dehqonlar, dehqon xo’jaligi egalari bo’lgan Dehqonlar va davlatdan yerni uzoq muddatga (10— 50 yil) ijaraga olgan yirik fermer xo’jaligi sohiblari bo’lgan Dehqonlar faoliyat ko’rsatadi. Ahmadjon O’lmasov.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz