DEHQON YUZBOSHI SHERNAZAR O’G’LI
DEHQON YUZBOSHI SHERNAZAR O’G’LI (1860 — Bachqir qishlog’i, Farg’ona viloyati — 1942) — atoqli askiyachi. 19-asrning o’rtalarida shuhrat qozongan. “Kal Rustam” degan askiyachiga shogird tushgan. Buvayda va Qo’qon askiyachilari bellashuvlarida askiya sirlarini o’rgangan. Mahorati oshgach, hatto Xudoyorxon saroyida xizmat qiluvchi Zokir gov, Sa’di Mahsum degan qiziqchilar bilan ham bellashgan. Askiyaning “laqab”, “bo’lasizmi?”, “o’xshatdim”, “afsona”, “tutal” kabi qadimgi shakllarida mohir bo’lgan. Uning doimiy “raqiblari” Mirzarahim domla quloq bilan usta Matxoliqlardir. 1925-40 yillarda Qo’qon shahridagi Furqat va Muqimiy nomli istirohat bog’larida o’tkazilgan askiya kechalarida Erkaqori Karimov, Mamayunus Tillaboev kabi askiyachilar bilan ko’p marta uchrashgan. 1932 yilda Toshkent tsirkida va boshqa anjumanlarda, 1937 yilda esa Moskvada “O’zbek xalqining san’ati” nomli teatrlashgan tomoshada Yusufjon qiziq Shakarjonov, Erkaqori Karimov bilan bellashib o’z mahoratini namoyish qilgan. Dehqon Yuzboshi Nasritdin Mirzaahmedov, Odilxo’ja Saidxo’jaev, Mamadali qori Otaboev, Obiljon Normatov kabi askiyachilarga ustozlik qilgan. Ad.: Askiya [to’plovchi va nashrga tayyorlovchi Rasul Muhammadiev], T., 1970. Muhsin Qodirov.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz