DEHQON BOZORI



DEHQON BOZORI qishloq xo’jalik mahsulotlarini sotish bo’yicha ixtisoslashgan bozor. Dehqon bozorida, asosan, shaxsiy tomorqalar, dehkrn va fermer xo’jaliklari, shirkat va jamoa xo’jaliklari, shahar aholisining hovli va dala hovlilarida yetishtirilgan dehqonchilik, chorvachilik, parrandachilik mahsulotlari sotiladi. O’zbekistonda Dehqon bozori shaharlar, shaharchalar, tuman markazlari, yirik guzarlarda joylashgan. Ba’zi yirik shaharlarda o’nlab Dehqon bozori faoliyat ko’rsatadi (masalan, Toshkent shahrida 20 Dehqon bozori va ularning 50 ta shoxobchasi bor). 20-asrning 30-yillarida dehqonlarni ommaviy ravishda kolxozlarga birlashtirish va qishloq xo’jalik mahsulotlari savdosida kolxozlarning keng ishtiroki natijasida kolxoz bozorlari nomini olgan edi. 80-yillar oxiridan shunday bozorlar “Dehqon bozori” deb ataladigan bo’ldi. O’zbekistonda tomorqa maydonlarining kengayishi, dehqon va fermer xo’jaliklarining rivojlanishi Dehqon bozorining ko’payishi va kengayishiga olib keldi, uning aholi ta’minotidagi ahamiyati ortdi. Respublikadagi Dehqon bozorilari 1996 yildan Toshkent shahri va viloyatlar “Bozorsavdo” ochiq turdagi aktsiyadorlik jamiyatlari uyushmasiga kiradi. Respublikada 149 Dehqon bozori bor (2001). Nuriddin Yo’ldoshev.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz