DEGREZLIK
DEGREZLIK, cho’yangarlik — 1) cho’yan eritib, undan turli buyumlar quyish kasbi. O’zbekiston hududida qadimdan cho’yandan urush qurollari, hunarmandlik, qishloq xo’jalik va ro’zg’or buyumlari (masalan, qozon) yasalgan. Cho’yan buyumlar zaxda zanglab, uzoq turmasligi sababli arxeologik qazilmalar namunalari orasida qadimdan qolgan cho’yan buyumlar kam uchraydi. Muzeylarda saqlanayotgan chuyan buyumlar 15-asrdan keyingi davrlarga mansub. Bobur “Boburnoma” asarida cho’yan quyish jarayonini yozib qoldirgan. 16-asr yozma manbalarida “Degrez” so’zi bilan bir ma’nodagi “cho’yangar” so’zi ham uchraydi. O’rta asr ma’dansozligida mehnat taqsimoti oqibatida cho’yan, jez va birinj (bronza) dan qurol, asbob va buyumlar quyish alohida-alohida tarmoklarga ajralgan. Cho’yangarlar qozon, qorachiroq, chiroq-poya, miltiq nili kabi cho’yan buyumlarni, hatto zambarak, to’p-shashvar ham qo’yganlar. 19-asrdan boshlab uy-ro’zg’or buyumlari (qozon, obdasta va boshqalar) asosan Rossiyadan keltirilishi oqibatida O’rta Osiyoda Degrezlik kasbi ancha sustlashdi. Degrezlik eritish va quyish jarayonlariga bo’linadi. Degrezlar g’o’la cho’yan yoki eski cho’yan buyumlarni sodda usulda (yondo’kon va vagrankat) eritib va maxsus qoliplarga quyib, turli buyumlar yasaganlar. Bunda og’ir qo’l mehnati talab qilinar edi. 20-asrda og’ir sanoatning rivojlanishi tufayli Degrezlik kasbi ancha barham topdi; 2) joy (mahalla) nomi. Ilgari bir xil kasb bilan shug’ullanuvchi kishilar alohida mahalla yoki guruh bo’lib yashashgan.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz