DEGGARON MASJIDI
DEGGARON MASJIDI — Buxoro viloyati Hazora qishlog’idagi me’moriy yodgorlik. 8-9-asrlarda qurilgan bino o’rniga 11-asrda bunyod etilgan. Keyinchalik Degrez (cho’yangar) ustalarning mahalla guzarida joylashgani uchun Deggaron masjidi deb nomlangan. Tashki ko’rinishi kub shaklida, usti gumbazlar bilan yopilgan, xona ichida pishiq g’ishtdan 4 gula (ustun) ishlangan. Qolgan devori xom g’ishtdan tiklanib, yuzasi pishiq g’isht bilan qoplangan. 4 rukn-ustun (diametrik 128 santimetr) xonaqoh ichini devorsiz 9 qismga ajratgan, Markaziy qismi nisbatan yirikroq gumbaz bilan yopilgan, boshqa qismlarga — bir tomonidan devorga, qarshi tomonidan ustunga tayantirib yana 8 ta kichik gumbaz ishlangan. 20-asrda masjidning Janub va sharqida xonaqohga taqab sinchkor ayvon qurilgan, Janubiy ayvon bir qator ustunli, sharqiysi (Janub ayvonga nisbatan ikki hissa keng) ikki qator ustunli. Ayvon ustunida binoning 1910 yilda qayta qurilgani qayd etilgan. Keyinchalik ayvonlari vayron bo’lgan. Deggaron masjidi islomiyat davrining O’rta Osiyoda saqlanib qolgan qadimgi sajdagohi sifatida me’moriy o’ziga xosligi va sodda salobati bilan diqqatga sazovor.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz