DEFEKTOSKOP
DEFEKTOSKOP (lotincha defectus — kamchilik va …skop) — metall va metallmas materiallardan qilingan buyumlardagi nuqsonlar (siniqlar, darzlar va boshqalar) ni buyumlarga ziyon yetkazmasdan aniqlash uchun mo’ljallangan qurilma. Magnitli, rentgen va gamma nurlarga, ultratovush to’lqinlariga, elektr induktsiya hodisasiga asoslangan, kapillyar va boshqa turlari bor. Muqim (stasionar) qurilmalar, ko’chma asboblar, laboratoriya asboblari tarzida ishlab chiqariladi. Muqim Defektoskopda nuqsonlarni ham aniqlab, ham qayd qiladigan va bir yo’la baholab ketadigan qurilmalar bo’ladi. Ko’chma Defektoskop milli (strelkali) ixcham asbob, yorug’lik yoki tovush signallari beradigan asbob va boshqalar bilan ta’minlanadi. Laboratoriyada ishlatiladigan Defektoskop ancha sezgir bo’ladi, ko’pincha, ossillograf va raqamli indikator bilan ta’minlanadi. Ba’zi Defektoskoplar tez harakatlanayotgan buyumlardagi nuqsonlarni aniqlay oladi yoki o’zi buyumga nisbatan harakatlanadi. Juda yuqori temperaturagacha qizdirilgan buyumlardagi nuqsonlarni aniqlash uchun mo’ljallangan Defektoskoplar ham bor.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz