DEFEKTOLOGIYA



DEFEKTOLOGIYA (lotincha defectus -nuqson va …logiya) — jismoniy va ruhiy nuqsonli bolalar rivojlanishining psixofizik xususiyatlarini o’rganish, ularga maxsus ta’lim-tarbiya berish, undagi nuqsonlarni yo’qota borish qonuniyatlarini o’rganuvchi fan. Ko’r va ko’zi ojiz, kar va qulog’i og’ir, aqli zaif, tayanch-harakat apparatida nuqsoni bor, nutq kamchiligiga ega bo’lgan bolalar Defektologiya fani ob’yektidir. Shunga ko’ra Defektologiya 4 alohida sohaga bo’linadi: surdopedagogika (kar va qulog’i og’ir bolalarni o’qitish, tarbiyalash usullarini o’rganadi), tiflopedagogika (ko’r va ko’zi ojiz bolalarni o’qitish va tarbiyalash masalalarini tadqiq etadi), oligofrenopedagogika (aqli zaif bolalarni o’qitish va tarbiyalash qonuniyatlarini ishlab chiqadi), logopediya (nutq kamchiliklari bo’lgan bolalarni o’qitish hamda tarbiyalash nazariyasi va amaliyoti bilan shug’ullanadi). Dastlab surdopedagogika va tiflopedagogika paydo bo’lgan (1770 yil karlar uchun Ispaniyada, 1784 yil ko’rlar uchun Parijda maxsus muassasa ochilgan). Keyinchalik logopediya va oligofrenopedagogikaga asos solingan. Nuqsonli va psixofizik kamchiligi bor bolalarning ruhiy qonuniyatlarini o’rganuvchi maxsus psixologiya, shuningdek, ta’lim-tarbiya berish, nuqsonlarni tuzatish, tiklash vositalarini ishlab chiquvchi surdotexnika va tiflotexnika ham Defektologiyaga kiradi. Defektologiya anatomiya, fiziologiya, patofiziologiya, nevrologiya, nevropatologiya, eshitish, ko’rish va nutq Patologiyasi, maktab gigienasi, umumiy va pedagogic psixologiya, pedagogika, tilshunoslik, bolalar psixologiyasi va boshqa fanlar bilan uzviy bog’langan. Defektologiyaning asosiy vazifasi nuqsonli bolalarni aniqlash, tashhis usullarini ishlab chiqish, ular uchun maxsus va mujassamlashtirilgan ta’lim-tarbiyani tashkil etish, aqliy va jismoniy kamchiliklarni yo’qotish vositalarini izlab topish, amalda qo’llash, ularni hayotga tayyorlash, ijtimoiy foydali insonlar qilib yetishtirishdan iborat. O’lkamizning buyuk alloma, shoir va mutafakkirlari, xususan Ibn Sino, Forobiy, Yusuf Xos Hojib, Navoiy, Amir Temur va boshqalar Defektologiyani izchil va atroflicha muayyan yo’nalishda o’rganmagan bo’lsalar ham, o’z asarlarida defektologik holatlarning aks etishi, namoyon bo’lishi, rivojlanishi, o’zgarishlari to’g’risida qimmatli fikrlar bildirishgan. O’zbekistonda Defektologiyaning ilmiy-nazariy, metodik va amaliy tadqiqotlari bilan G. Sh. Aytmetova, E. D. Gordienko, L. R. Mo’minova, R. Shomaxmudova, G’. Shoumarov va boshqalar shug’ullangan. Jismoniy va ruhiy nuqsonli bolalarni jamiyatga foydali kishilar qilib tarbiyalash uchun O’zbekistonda maxsus maktabgacha tarbiya muassasalari, maxsus maktablar, maxsus internat maktablar mavjud. Toshkent pedagogika universitetinnng pedagogika va Defektologiya fakultetida maxsus maktab va muassasalar uchun defektolog kadrlar tayyorlanadi (1967 yildan). Lola Mo’minova.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz