DEDUKTSIYA
DEDUKTSIYA (lotincha deductio — xulosa chiqarish) — manttsh qoidalariga ko’ra xulosa chiqarish. Dastlab formal mantiqda umumiylikdan xususiylik, ayrimlik tomon muhokama yuritish Deduktsiya deb atalgan. Masalan, “barcha metallar elektr o’tkazuvchandir (umumiy) va “mis — metall” degan ikki hukm (asos)dan deduktiv yo’l bilan “Mis elektr o’tkazuvchandir” degan xususiy yangi hukm (xulosa) chiqariladi. Induktsiyaning qarama-qarshisi. Mantiqqa oid adabiyotlarda “Deduktsiya”atamasini birinchi bor rimlik mantikshunos faylasuf Boesiy (480— 524) ishlatganligini ta’kidlaydilar. Biroq, bu ta’limot sillogizm shaklida birinchi bor Aristotelning “birinchi analitika” asarida tahlil qilingan. Keyinchalik Deduktsiya tushunchasini R. Dekart, G. Leybnis kabi faylasuflar rivojlantirdilar. O’rta asr Arab falsafasida Kindiy, Roziy, G’azoliy, Ibn Rushd tomonidan Deduktsiyaga alohida e’tibor berilgan. Unga yangi bilim berish vositasi deb qaraganlar. Forobiy, Ibn Sino Aristotelning deduktiv mantig’iga yangilik kiritib mantiqning sillogizm shaklinigina emas, balki shartli, ayiruvchi kabi shakllarini ishlab chiqdilar. Xulosa chiqarishning yangi (yuqoridagi) usullarini yaratdilar. Hozirgi zamon fanida “Deduktsiya” termini keng ma’noda qo’llanilib, muayyan hukmdan mantiq qonunlari asosida xulosa chiqarish tushuniladi. Agar asos qilib olingan hukm haqiqiy va Deduktsiya qonunlariga rioya qilingan bo’lsa, undan chiqariladigan xulosa ham haqiqiy bo’ladi. Deduktsiya — isbotning asosiy vositasidir. Shuning uchun fandagi nazariyalar deduktiv metod natijasida yaratiladi. Odatda, deduktiv metod ma’lum sohada faktik materiallar to’plangandan so’ng, ularni chuqur o’rganish, tizimga solish va boshqa maqsadlarda qo’llaniladi. Deduktsiya psixologiya va bilish nazariyasisa ham amal qiladi. Deduktsiya psixologiyada shaxsning individual tafakkuri jarayonini o’rgansa, bilish nazariyasida ilmiy bilish metodi sifatida namoyon bo’ladi. Deduktiv metod turli shakllarda, xususan aksiomatik metod, shuningdek, gipotetik — deduktiv metod shaklida uchraydi. Mavjud faktik materiallardan deduktiv yo’l bilan nazariya yaratishda asos bo’ladigan fikrlar majmuasi (aksioma va boshqalar) tanlab olinib, mantiq qonunlari asosida ulardan boshqa bilimlar hosil qilinadi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz