DEBYUSSI (DEBUSSY) KLOD ASHIL



DEBYUSSI (DEBUSSY) KLOD ASHIL (1862.22.8, Sen-Jermen-an-Le, Parij yaqinida — 1918.25.3, Parij) — frantsuz kompozitori, pianinochi, dirijyor. Musiqiy impressionizm asoschisi. Parij konservatoriyasida ta’lim olib (1872-84) yurgan paytlarida Rim mukofotiga sazovor bo’lgan. 1885-86 yillari Rimda, 1887 yildan Parijda yashagan. Pianinochi va dirijyor sifatida bir nechta mamlakatlarda kontsert bergan. Impressionizm va Sharq musiqasi ta’sirida shakllangan uslubi musiqiy-tasviriy vositalarning yorqinligi va nafisligi, garmoniya va cholg’ulashtirish usullari yangiligi, kuylari nozik va go’zalligi bilan ajralib turadi. “Pelleas va Melizanda” (M. Meterlink dramasi asosida, 1902) operasi, “O’yinlar” (1912), “Kamma” (1912), “O’yinchoqlar qutisi” (1913) baletlari, simfonik orkestr uchun “Favnning tushdan keyingi dam olishiga prelyudiya” (S. Mallarme asari asosida, 1894), “Noktyurnlar” turkumi (1899), “Dengiz” (1905), “Iberiya” syuitasi (1908), kantatalar, 50 dan ziyod romanslar, qator cholg’u (shu jumladan, fortepiano uchun mukammmal turkum) asarlar muallifi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz