DAYAKLAR
DAYAKLAR — Indoneziya, Malayziya va Bruneydagi xalqlar guruhi (ngadjular, klemantanlar, ibanlar, kenyalar va boshqalar), Kalimantan orolining tubjoy aholisi. 3,7 million kishi (1990-yillar o’rtalari). Indonez guruhiga mansub tillarda so’zlashadi. An’anaviy diniy e’tiqodlarga amal qilishadi. Xristianlar va musulmon sunniylar bor. Dayaklarning deyarli barchasi qo’l mehnatiga asoslangan dehqonchilik bilan mashg’ul. Ovchilik, baliqchilik va terimchilik o’troq Dayaklarda qo’shimcha mashg’ulot sanaladi. Dayaklarning qishloqlari, asosan, Daryo qirg’og’ining sayoz joylarida joylashgan. 100-500 aholiga mo’ljallangan qishloqlarda 50 tagacha oila yashaydigan an’anaviy uzun uylar bilan bir qatorda 1-5 oila uchun qurilgan uylar ham bor. Dayaklarning ayollari bilan bir qatorda erkaklari ham bezak buyumlariga o’ch. Dayaklar orasida tishlarni qoraytirish va arralatish, shuningdek, badanga turli rasmlar solish (tatuirovka) keng tarqalgan. 19-asr oxirigacha “kalla ovi” udum bo’lgan.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz