Davron Shodiyev
Davron Shodiyevich Shodiyev (1938-yil 20-iyul, Qarshi tumani, Qashqadaryo viloyati, Oʻzbekiston SSR — 2008-yil 28-dekabr, Qarshi tumani, Qashqadaryo viloyati, Oʻzbekiston) — oʻzbekistonlik olim, pedagog, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi (1998), pedagogika fanlari doktori (1986), professor (1989), Rossiya pedagogika va ijtimoiy fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi (1995).
Biografiyasi
Davron Shodiyev 1938-yil 20-iyul Qarshi tumanidagi Lagandi qishlogʻida tugʻilgan. 1960-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika instituti fizika-matematika fakultetini tugatgan. 1961—1967-yillarda Qarshi pedagogika instituti oʻqituvchisi, 1972—1974-yillarda institutning „Fizika oʻqitish metodikasi va oʻqitishda texnika vositalaridan foydalanish“ kafedrasi mudiri, 1974—1975-yillarda fizika-matematika fakulteti dekani, 1975—1985-yillarda prorektor, 1987—1991-yillarda institut professori, 1991—1993-yillarda kafedra mudiri, 1993—1998-yillarda Oʻzbekiston Pedagogika fanlari ilmiy tekshirish instituti direktori, 1998—2002-yillarda direktor oʻrinbosari. Davron Shodiyev 2008-yil 28-dekabrda Qarshi tumanidagi Lagandi qishlog‘ida vafot etgan.
Ilmiy faoliyati
Asosiy ilmiy ishlari fizika fanini oʻqitish metodikasining metodologik muammolari va umumiy oʻrta taʼlim maktablari uchun fizika boʻyicha darsliklar yaratishga oid. Olim hammuallifligida 7—11-sinflar uchun yozilgan „Fizika“ darsliklari 1987-yildan Oʻzbekiston, Rossiya Federatsiyasi va boshqa MDH davlatlari maktablarida qoʻllanilib kelingan. 1987-yilda „Umumtaʼlim maktablarida tabiiy fan asoslarini oʻrganishda nazariya va tajribaning mutanosibligi“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. „Oʻquv jarayoni empirik va nazariy bilimlar darajasining metodologik muammolari“ (ruscha: „Методологические проблемы теоретического и эмпирического уровней познания в учебном процессе“, 1982), „O‘rta maktab fizika ta’limida nazariya va tajribaning mutanosibligi“ (ruscha: Взаимодейтвие теории и эксперимента при обучении физики в средней школе“, 1985), „Fizika o‘qitish jarayonida fikriy tajribalar“ (ruscha: „Мысленный эксперимент в преподавании физики“, 1987) kabi kitoblar muallifi.
Mukofotlari
1984-yilda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan oʻqituvchi, 1998-yilda Oʻzbekiston fan arbobi unvoni bilan taqdirlangan.
Manbalar
uz.wikipedia.org